“Manchester Siti”da 10 yil faoliyat yuritib, 2021-yilning yozida “Barselona” safiga o‘tgan Serxio Aguero Manchester shahri jamoasining haqiqiy afsonasiga aylandi. “Daryo” 33 yoshini qarshilayotgan hujumchi faoliyatidagi eng yorqin vaziyatlarni yodga oladi.

2011-yilda arab shayxlarining “Manchester Siti”ga kiritgan bir necha millionlik investitsiyalari o‘z natijasini berdi – Roberto Manchini qo‘l ostida jamoa Chempionlar Ligasiga chiqdi va 1976-yildan keyin birinchi bor sovrin qo‘lga kiritdi (Angliya Kubogi). Murabbiy yozda Haldun al-Muborak bilan uchrashish maqsadida BAAga tashrif buyurdi va transferlar uchun mablag‘ so‘radi, evaziga yangi mavsumda “Siti” APL sovrini uchun kurashishiga kafolat berdi.

Hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun qisqa ro‘yxatda “Atletiko” hujumchisi Serxio Aguero (argentinalik futbolchi o‘sha vaqtda eng yaxshi mavsumini o‘tkazgan edi: La Ligada 32 o‘yinda 20 ta gol urgandi) va “Udineze” futbolchisi Aleksis Sanches (A Seriyada 12+7) bor edi. Keyinchalik Manchini yodga oladi: “Sanches bu ro‘yxatda Aguerodan ham oldinda turgan edi. Lekin “Barselona” uni qo‘lga kiritish uchun harakatni boshlagandi. Biz “Udineze”ga qo‘ng‘iroq qilganimizda, ular biz bilan bog‘lanishni ham istamadi. Sanches qo‘ldan ketganini tushungandik”.

2011-yilning may oyidayoq Aguero “Atletiko”ni tark etmoqchi ekanligini e’lon qildi — o‘shanda hujumchining “Real”ga o‘tayotgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Diyego Maradona ham “Barselona” bilan munosib raqobat qilishi uchun Joze Mourinyoga Agueroni sotib olish kerakligi haqida maslahat berdi. Lekin “Siti” chaqqonroq harakat qildi va “Atletiko” g‘aznasiga 40 million yevro o‘tkazdi. Aguero transferi o‘sha vaqtda jamoa uchun rekord transfer edi. Keyinchalik esa eng foydali transferga ham aylandi

Jamoada 10 yilini o‘tkazgan, barcha musobaqalarda 250 dan ortiq gol urgan, 5 ta APL chempionligiga erishgan Aguero “Manchester Siti”ni tark etdi.

Birinchi xet-trik

Yozdagi ajoyib xaridlari tufayli “Siti” 2011/12-yilgi mavsumni 14 o‘yinda 12 ta g‘alaba bilan boshladi – Aguero 11 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Hammadan ham ko‘proq “Uigan” darvozaboni Al-Habsi jabr chekdi. Hujumchi uning darvozasiga 3 ta to‘p joyladi. Bu Agueroning APLdagi 12 ta xet-trigining dastlabkisi edi. Serxio APLda 12 marta xet-trik qayd etgan – bu natija Ronaldu, Kantona, Bergkamp, Klinsmann, Vialli, Saha, Beyl, Firmino, Starrij, Eto'O va Jirularnikini birga qo‘shib hisoblaganda ham, ulardan ko‘proq.

Foto: Getty Images

“Norvich” darvozasiga urilgan gol

O‘sha 2011/12-yilgi mavsumda “Manchester Siti” “Norvich”ni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yin qahramoni Serxio Aguero bo‘ldi. 32-daqiqada u “Norvich” jarima maydoni ichida paydo bo‘ldi. Atrofini o‘rab olgan besh himoyachi argentinalik futbolchining aldamchi harakatlariga qarshi hech narsa qila olmadi. Natijada, Jon Raddi uchun kutilmagan zarba amalga oshirildi.

“Manchester Yunayted”ga qarshi yubiley gol

Ser Aleks Fergyuson o‘rniga “Manchester Yunayted” murabbiyligiga kelgan Devid Moyes uchun birinchi Manchester derbisi haqiqiy dahshatga aylandi. Ferdinand va Vidich jufligi avvalgidek mustahkam himoya qo‘rg‘onini hosil qila olmadi, Aguero ikki marta De Xea darvozasini ishg‘ol qildi. “Manchester Yunayted” 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Aguero esa prinsipial o‘yinda “Siti” safidagi 49 va 50-gollarini urdi.

20 daqiqada 5 ta gol

2015-yilning oktabr oyida Aguero “Nyukasl”ni tor-mor etdi. Bu uchun unga 20 daqiqa kifoya qildi. Qiziq jihati, “Nyukasl” Mitrovichning goli evaziga ancha vaqt hisobda oldinda borayotgandi. Lekin 42-daqiqada “Siti” hujumchisi Tim Krul darvozasiga birinchi golini kiritdi. Shundan so‘ng Aguero yana 4 marta – 49, 50, 60 va 62-daqiqalarda gol urdi. O‘sha o‘yinda Kevin de Bryuyne ham o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. “Shaharliklar” 6:1 hisobida g‘alaba qozondi.

“Bavariya”ga qarshi o‘yinda xet-trik

2014/15-yilgi mavsum Chempionlar Ligasining guruh bosqichida “Bavariya” Aguero tomonidan unumli foydalanilgan penaltiga Xabi Alonso va Levandovskining (yana bir kishi kam bo‘lib) gollari evaziga javob qaytardi. Nemislar 85-daqiqagacha hisobda oldinda bordi. Lekin o‘yin yakunlanayotgan bir pallada “Manchester Siti” bosimni kuchaytirdi va Aguero yana ikki marta Noyer darvozasini ishg‘ol qildi. Argentinalik hujumchining xet-trik qayd etishi uchun uchta zarba kifoya qildi – dahshatli statistika.

Foto: Getty Images

“Lester”ga qarshi o‘yinda poker

2017/18-yilgi mavsumda “shaharliklar” Gvardiola qo‘l ostida birinchi bor chempionlikni nishonladi. O‘sha mavsumning eng yodda qolarli lahzalardan biri fevral oyidagi “Lester”ga qarshi o‘yin bo‘ldi. Birinchi bo‘limda Sterling va Vardi o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. Lekin tanaffusdan so‘ng “Siti” yuqori darajadagi pressing va raqibning qilgan xatolaridan unumli foydalangan holda “Lester”ga gollar shousini namoyish etdi. Aguero har bir hujumni o‘z nihoyasiga yetkazardi. Bir bo‘limda 4 ta gol – yomon natija emas.

Derbidagi g‘alaba goli uchun 7 daqiqa

Aleks Fergyuson 2012/13-yilgi mavsumdan so‘ng faoliyatini tugatdi. U “Manchester Yunayted”ni oxirgi chempionligiga yaqinlashtirgan edi: 31-turdan so‘ng “Siti” 15 ochko ortda edi. Prinsipial derbi oldinda edi – Aguero endi jarohatidan qutulgandi, ammo Manchini o‘yindan oldin unga bir bo‘lim yetarli ekanligini aytdi. Serxio zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Milner va Jonsning golidan so‘ng tabloda 1:1 hisobi yonib turardi. Manchini tavakkalga qo‘l urdi va Agueroni 71-daqiqada maydonga tushirdi. 78-daqiqada esa Serxio g‘alaba golini urdi.

“Shaharliklar” tarixidagi eng yaxshi to‘purar

2017-yilning noyabr oyida Aguero “Man Siti” safidagi 178-golini “Napoli” darvozasiga urdi va Erik Brukning rekordini yangiladi. Erik Bruk 177 ta gol urishi uchun 494 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, Agueroga esa bu natijaga erishish uchun 264 o‘yin kifoya qildi.

Foto: Getty Images

O‘sha chempionlik goli

“Kuinz Park Reynjers”ning sobiq himoyachisi Anton Ferdinand (Rio Ferdinandning ukasi) xotirlaydi: “Agueroning o‘sha goli… Men yopa olmagan Balotellidan to‘pni qabul qilib oldi. Bu gol – mening xatom. To‘g‘ri biz APLda qoldik, lekin men tufayli Rio yana bir oltin medalni qo‘lga kirita olmadi”.

Aqlbovar qilmas 2011/12-yilgi mavsumda “Siti” va “Yunayted” oxirgi turga bir xil ochko bilan yetib keldi. Manchini jamoasi sovringa ega chiqishi uchun kuchli bo‘lmagan “KPR”ni yengishi lozim edi. Ammo yana bir jihat bor edi – London jamoasi chempionatda qolish uchun harakat qilayotgandi.

66-daqiqada “KPR” Jeymi Makining goli evaziga hisobda oldinga chiqib olgandi, o‘sha paytda “Manchester Yunayted” “Sanderlend”ga qarshi bahsda 1:0 hisobida oldinda borib, xotirjam ravishda o‘yinni nazorat qilayotgandi. Manchini Jeko va Balotellini maydonga tushirdi. Lekin “KPR” bitta o‘yinchi kam holatda (55-daqiqada Barton qizil kartochka olib maydonni tark etgandi) avtobus himoya hosil qildi. Oxirgi daqiqalargacha 2:1 hisobini ushlab qolmoqchi edi.

Anton Ferdinand Manchinining o‘yin oxiridagi asabiylashganini yodga oldi: “U o‘z shogirdlariga qanday baqirayotganini eshitib turardim”. 92-daqiqada Jeko hisobni tenglashtirdi. “Men tinmasdan soatga qarardim. 65-daqiqa, xo‘p. Yana qarayman, nahotki, endi 67-daqiqaga keldik. Siz soatga ko‘p qarayapsizmi, demak, juda kuchli bosim ostidasiz”, – deya eslaydi “KPR” himoyachisi Neduma Onuohi.

“Aleks Fergyusondan qizil vino olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardik deb o‘ylardim”, – deydi “KPR”ning boshqa bir futbolchisi Shon Derri. Aynan u Agueroning yo‘lidagi eng oxirgi futbolchi edi va hal qiluvchi zarbani qaytarishi mumkin edi. Keyin esa – gol, portlash, Jo Hart va Manchinining hayqirishi hamda Vensan Kompani boshi uzra ko‘tarilgan APL sovrini.

Aynan mana shu lahza uchun “Etihad” stadioni qoshida Agueroga haykal qo‘yish mumkin. Yaqin orada bu ish amalga oshishi kutilmoqda. Bu haqida mart oyi oxirida “shaharliklar” prezidenti Al-Muborak aytib o‘tdi: “Uning haykali bizning stadionimizda turadi”. Aytishlaricha, Agueroning haykali Vensan Kompani, David Silva va boshqa afsonalar haykali yonida turadi.

Argentinalik futbolchi 2014-yilda bergan va’dasini bajara olmadi. O‘shanda Aguero Chempionlar Ligasi sovrinini qo‘lga kiritmasdan “shaharliklar” safini tark etmasligini aytgan edi. 2020/21-yilgi mavsumda Aguero “Manchester Siti” bilan ushbu sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Ammo Chempionlar Ligasi finalida “Chelsi”ning qo‘li baland keldi. Aguero oxirgi imkoniyatdan ham foydalana olmadi.

2021-yilning 31-iyun sanasida Serxio Aguero Ispaniyaning “Barselona” jamoasiga o‘tgani e’lon qilindi. Argentinalik hujumchi kataloniyaliklar safiga o‘tishi faoliyatidagi oldinga tashlangan qadam ekanligi, “Barsa” uchun o‘yin uslubini ham o‘zgartirishga roziligi, jamoa bilan sovrinlar yutishni istashini aytib o‘tdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!