U eng yaxshi futbolchilar qatorida e’tirof etiladigan yosh iqtidor egasi edi, lekin bosim, shon-shuhrat va boshqa holatlar uni o‘zgartirib yubordi. Bunday misollar futbol olamida ko‘plab topiladi. Ammo Mario Gyotse hikoyasi shu ssenariyga mos keladigan yorqin misollardan biridir. Yoshligidanoq “oltin bolakay” laqabini olgan Gyotse hozirda Niderlandiyaning “PSV” jamoasida to‘p suradi. “Daryo” 3-iyun kuni 29 yoshini nishonlayotgan Mario Gyotsening faoliyatidagi muvaffaqiyat va omadsizliklar haqida hikoya qiladi.

Foto: Getty Images

Hammasi nimadan boshlangan edi?

Gyotse – tug‘ma iste’dodni to‘laligicha ocha oladigan murabbiyga shogird bo‘lgan futbolchiga misol bo‘la oladi. Mario “futboldagi otam” deb ataydigan Yurgen Klopp Gyotseni potensialini ko‘ra oldi, uning futbolchilar bilan yakka tarzda ishlashi kalit rolini bajardi. Aynan Yurgen Klopp futbol olamiga Gyotseni bergan deb ayta olamizmi? Shubhasiz. Albatta, bu bilan futbolchining qilgan mehnatlarini ham yoddan chiqarib bo‘lmaydi.

Mario 20 yoshidayoq “Borussiya”ning 2010/11 va 2011/12-yilgi mavsumlardagi chempionligiga katta hissa qo‘shgan. Grand jamoalar futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashga kirishdi, xorijiy gazetalar uni “yangi Messi” deya atay boshlashdi.

2013-yilda Gyotse juda jiddiy va munozaralari qadam tashlaydi. Transfer oynasi ochilishiga 2 oy qolganida futbolchi “Borussiya”ning asosiy raqibi – “Bavariya” bilan shartnoma imzolaydi. Jamoa “qizillar” bilan prinsipial raqib bo‘lishiga qaramasdan uni sotishga rozi bo‘ldi. Chunki Mario uchun 37 million yevro – o‘sha vaqt uchun rekord narx – taklif qilingan edi. Gyotse Myunxenga o‘tishi uning faoliyatida oldinga qo‘yilgan katta qadam deb hisoblasa, muxlislar uchun u bir lahzada sotqinga aylandi.

Foto: Twitter

Karl-Hayns Rummenigge Gyotsening qiymatini ta’riflash uchun o‘sha vaqtda eng yosh iqtidorli futbolchi nomiga da’vogarlik qilayotgan Neymar va Mario ikkalasidan aynan nemis futbolchisini tanlaganini aytib o‘tgan edi. Futbolchi jamoaga yangi kelgan murabbiy Pep Gvardiola qo‘l ostida o‘ynaydigan bo‘ldi. “Alyans Arena”dagi dastlabki mavsumi ko‘ngildagidek kechdi — 45 o‘yinda 15 ta gol va 13 ta golli uzatma. Oldinda esa 2014-yilgi Jahon Chempionati kutib turardi.

Braziliya maydonlarida 22 yoshli futbolchi faoliyatining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Yarim himoyachi musobaqani “Bundestim”ning asosiy tarkib futbolchisi sifatida boshladi, lekin hal qiluvchi pallalar yaqinlashgani sari Lyov uni zaxiraga mixladi. Bu ham Gyotsening Germaniya tarixiga kirishiga xalaqit bermadi. Voqea qanday bo‘lganini yodga olamiz:

Argentinaga qarshi final o‘yinining 88-daqiqasida Mario zaxiradan maydonga tushdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda esa o‘yindagi yagona gol muallifiga aylandi va Germaniya terma jamoasini chempionga aylantirdi. “Oltin bolakay” nomi yoniga “Millat qahramoni” nomi ham qo‘shildi. Shundan so‘ng futbolchining faoliyatida pasayish yuzaga keldi.

Qayerda xato bo‘ldi?

Ehtimol, o‘sha vaqtda futbolchidagi bosimni tasavvur qilish qiyindir. Sen mamlakatning eng kuchli jamoasida to‘p surasan, sen uchun rekord pul to‘langan, sen terma jamoaga mundialdagi g‘alabani sovg‘a qilgansan. Gyotse bu bosimlarga dosh bera olmadi.

Jahon Chempionatidan so‘ng yarim himoyachi “Bavariya”dagi o‘rnini mustahkamladi. Ammo 2014/15-yilgi mavsumning ikkinchi yarmida uni qo‘ldan chiqardi. Marioning o‘yini yaxshi taassurot qoldirmasdi, uni afsonaviy Bekkenbauer tanqid ostiga oldi: “Gyotse menga kurashda yutqazsa ham o‘rnidan turaveradigan bolakayni eslatyapti”. Nemis OAVlari esa futbolchi Gvardiolaning ishonchidan chiqqanligini yozardi. Vaqti-vaqti bilan Gyotsening o‘zi ham Pep haqida fikrlarini bildirardi. Uning fikricha, ispan mutaxassisiga futbolchilar bilan individual shug‘ullanishdan ko‘ra, taktika va sxemalar muhimroq. Keyin esa barchasi yanada yomonlashdi. Gyotse jarohatlarga o‘ralashib qoldi. “Bavariya”dagi kuchli raqobat esa bunday holatlarni kechirib o‘tirmasdi, natijada Mario 2015/16-yilgi mavsumni zaxira futbolchisi sifatida o‘tkazdi. Gyotsening faoliyatini qutqarib qolish uchun sobiq jamoasi – “Borussiya Dortmund” yordamga keldi.

Foto: Getty Images

2016-yilning yozida futbolchi “Signal Iduna Park” stadioniga qaytdi. Bu esa o‘zini yana qaytadan ko‘rsatishi uchun ideal variant edi. Ammo “Borussiya” endi uni avvalgidek qabul qila olmadi. Muxlislar uning 3 yil oldingi sotqinligini kechirmagandi. O‘zlarining “oltin bolakay”ini “Yo‘qol, Gyotse” degan bannerlar bilan qarshi oldi.

Uyda uni kutishmagandi va bu futbolchining ruhiyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi. 2016/17-yilgi mavsumda 10 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Mario doimiy zaxira o‘rindig‘ida qoladigan bo‘ldi. Uning jamoaga hech qanday foydasi tegmayotgandi. Muxlislar “Borussiya”ning omadsizliklarida Gyotseni ayblay boshladi.

2014-yilgi Jahon Chempionati qahramoni 2018-yilgi mundialga chaqirilmadi. Bu kimnidir hayratga solganmidi? Yo‘q. 2018/19-yilgi mavsumda ora-orada maydonga tushib turdi, bitta o‘yinda o‘rtacha 64 daqiqa maydonda bo‘lgan futbolchiga yozda olib kelingan yangi futbolchilar umuman imkon qoldirmadi. Mario 19 o‘yinda umumiy hisobda 596 daqiqa maydonda harakat qildi, bu vaqt ichida futbolchi 3 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

U Brandt, Azar, Sancho, Roys, Jan va boshqa futbolchilarga raqobatda yutqazib qo‘yardi. Favr mavsumning birinchi yarmida Gyotseni markaziy hujumda ham sinab ko‘rgan bo‘lsa, Holandning kelishi, Marioni bu pozitsiyadan ham ayirdi. Shu bilan “oltin bolakay”ning Dortmunddagi sarguzashtlari o‘z nihoyasiga yetdi.

“Borussiya” bosh murabbiyi Lyusen Favr futbolchi jamoa sxemasiga mos tushmaganligini aytib o‘tdi. Natijada, 2020-yilning 6-oktabrida Mario Gyotse “PSV” bilan 2 yillik shartnoma imzoladi.

Mavzuga doir:

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!