Chiong Van Dao ismli vyetnamlik bloger o‘zining YouTube’dagi kanaliga Lamborghini Sian’ning yog‘ochdan nusxasini yaratish jarayoni tasvirlangan videorolikni joylaydi. Usta elektromotor, akkumulyator batareyalari va funksional transmissiyaga ega superkar nusxasini o‘g‘li uchun yaratgan, deb xabar beradi Motor.

Kadr: YouTube

E’lon qilingan videorolikka bloger 65 kunlik mehnatini joylashtirgan. Turli duradgorlik asbob-anjomlari, shuningdek, silliqlovchi mashina va benzopiladan foydalangan holda usta haqiqiy Lamborghini Sian’ning kuzovini nusxasini yasashga muvaffaq bo‘lgan. Erkak yog‘och platformaga haqiqiy transmissiya, aloqa uzatmalarini o‘rnatgani sabab yog‘och mashinaning eshiklari bitta tugmani bosish orqali ochila boshlagan.

Keyingi bosqichda bloger old oyna, yorug‘lik diodli old optika, shuningdek, orqani ko‘rishga mo‘ljallangan ko‘zgu va tepkilarni o‘rnatgan. Shundan so‘ng, erkak yog‘och bo‘lagidan rul chambaragi va o‘rindiqni qirqib olgan. Lamborghini’ning asosiy o‘ziga xosligi — elektromotr va akkumulyator bloki bo‘lib, uning yordamida o‘yinchoq superkar harakatlana oladi.

Ish yakunlangach, erkak o‘g‘li bilan birga yog‘och superkarda harakatlanishga borgan. Ixcham o‘lchamlar va tezligining yuqori emasligiga qaramay, Lamborghini mahalliy avtomobil yo‘li bo‘ylab hech qanday qiyinchiliksiz harakatlangan.

Avvalroq Devid Jons ismli amerikalik bloger o‘zining YouTube’dagi kanaliga karton qog‘ozidan Lamborghini Aventador nusxasini yaratish jarayoni tasvirlangan 17 daqiqali videoni joylashtirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Erkak mashinaning ushbu nusxasini auksion orqali 10,4 ming dollarga sotishga muvaffaq bo‘lgan.