Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Iyunning 25-kuni, 2009-yil. Jahon bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda aqlbovar qilmas xabar tarqaldi. Internet foydalanuvchilari tomonidan berilgan millionlab savollar javobsiz qoldi. Shu kuni ertalab to‘satdan e’lon qilingan Maykl Jeksonning o‘limi haqidagi xabar nafaqat qo‘shiqchining yaqinlari, balki uni “pop qiroli” sifatida tan olgan millionlab muxlislar uchun haqiqiy zarba bo‘ldi.

Foto: “Domashniy ochag”

Ishonch bilan aytish mumkinki, ehtimol, qidiruv tizimlarida “Maykl Jekson vafot etdi” deb yozganlarning aksariyati ushbu mudhish xabarning rad etilishini o‘qishga umid qildi. Ammo ular kutgan mo‘jiza ro‘y bermadi va “This Is It” deb nomlangan va, aslida, Maykl Jeksonning o‘zi taqdim etishi kerak bo‘lgan konsert dasturi, afsuski, uning xotirasiga bag‘ishlandi. Bir necha yil oldin ham internet olami yana dahshatli yangiliklar bilan to‘ldi va muxlislar yana barchasining rad etilishini kutdi. Albatta, bu o‘lim bilan bog‘liq emas, balki Jekson va haqiqatlar haqida edi.

Foto: “Domashniy ochag”

15 ta “Gremmi” va boshqa yuzga yaqin musiqiy mukofotlar sovrindori, Ginnesning rekordlar kitobiga 25 marta kiritilgan “pop qiroli” unvonining rasmiy egasi Amerikaning Indiana shtatidagi kichik Geri shahrida tug‘ilgan. Maykl Ketrin Vinta va Jozef Jeksonning sakkizinchi farzandi bo‘lib, oilada jami bolalar 10 nafar edi. Uning bolaligi hech qachon havas qilgulik darajada bo‘lmagan.

Maykl Jekson oilasi

Foto: “Domashniy ochag”

Mayklning otasi qattiqqo‘l va hatto shafqatsiz odam edi: u ko‘pincha bolalarni kaltaklagan, ularni ruhan va jismonan mazax qilgan, g‘ayritabiiy tarzda ularga zulm ko‘rsatar edi. Boshqa ko‘plab zolim ota-onalar singari u ham intizomni va juda tez-tez o‘zgarib turadigan qoidalarga qat’iy rioya qilishni talab qilgan. Maykl va uning aka-singillari o‘zlarining xotiralarida bolalik ular uchun abadiy qo‘rquv, himoyasizlik va yolg‘izlik tuyg‘usiga boy davr bo‘lib qolganini ta’kidlagan. Voyaga yetganida Maykl o‘z intervyularida otasi bilan uchrashishni yoqtirmasligini ma’lum qilgan.

Foto: “Domashniy ochag”

Juda yosh turmushga chiqqan ona esa o‘z bolalarini shafqatsizlikdan himoya qila olmagan: u faqat diniy marosimlardangina tasalli topdi. U tez-tez bolalarini cherkov yig‘ilishlariga olib borar, ular bilan birga Injilni o‘qir edi, lekin bularning birortasi ham ularga yordam bera olmasdi.

Maykl Jekson bolaligida

Foto: “Domashniy ochag”

Mayklning oilasi yashaydigan uyda doimo musiqa yangrab turardi. “Biz uyda juda ko‘p ashula aytar edik, asosan, “Mustang Sally” kabi mashhur blyuz qo‘shiqlarni. Ketrin va men bolalar bilan qo‘shiq kuylashni yaxshi ko‘rardik, u pianino va ba’zida klarnet chalar edi. Gitaram bilan ham ba’zi qo‘shiqlarni ijro etishim mumkin edi va har bir bo‘sh daqiqada R&B plastinkasini qo‘yib, Little Richard, Chi-lites, Chuck Berry, The Temptations, Aretha Franklin, Fats Domino, Joe Tex, Big Maybell, The Impressions va Major Lans singari qo‘shiqchilarni tinglar edik”, – deb yozgan Jozef xotira kitobida.

Foto: “Domashniy ochag”

Deyarli barcha bolalar musiqaga bo‘lgan muhabbatini hamda qobiliyatni ota-onasidan olgan: ular ikki yashar Mayklning kir yuvish mashinasining shovqini ostida qanday raqsga tushganini va uning akasi Tito chalishni o‘rganish uchun otasining gitarasini yashirincha olganini ham ma’lum qilgan. Albatta, buning oxiri yaxshilik bilan tugamagan. Kunlardan bir kun bola gitara simini uzib yuborgan va otasidan gitarani so‘ramay olganini tan olishga majbur bo‘lgan.

Foto: “Domashniy ochag”

Shu vaqtda Jozef o‘g‘lini qattiq jazolagan, ammo keyin o‘rgangan narsalarini ko‘rsatishni talab qilgan. U yakka o‘zi gitara chalish asoslarini egallabgina qolmay, balki otasi tez-tez chaladigan blyuz kompozitsiyalarini ham ijro etgandi. O‘g‘lining yutuqlari Jozefda yaxshi taassurot qoldirgan va bir necha kundan so‘ng u o‘g‘li uchun alohida musiqiy asbob sotib olgan. Va bir muncha vaqt o‘tgach, u farzandlarining o‘z iste’dodini butun dunyoga namoyish etish vaqti kelganini anglab yetgan.

“Besh nafar Jekson”

Jozef Jekson hayratlanarli darajada shuhratparast odam edi: u yoshligidanoq shon-sharaf va muvaffaqiyatga erishishni orzu qilgan. Amerika janubidagi dalalarda paxta terish, temiryo‘l yotqizish va hattoki boks maydonida jang qilish orqali u o‘zining yulduzi chindan ham balandlarga ko‘tarilishini va millionlab odamlar Jekson ismini tanishini, og‘izlarda tinimsiz takrorlanishini orzu qilar edi.

Foto: “Domashniy ochag”

U hattoki do‘stlari bilan birgalikda “Folcons” guruhini yaratgan. Guruh bilan birgalikda tug‘ilgan shahri, Shimoliy Indiana, Chikagoning boshqa shahar va posyolkalarida konsert bergan. Ammo “Folcons”ning umri uzoqqa cho‘zilmadi va Jozef boshqa imkoniyatlardan foydalanish haqida o‘ylay boshladi.

Foto: “Domashniy ochag”

Gitara bilan bo‘lgan voqeadan so‘ng Jekson bolalariga yangicha nazar tashladi. Ha, boshqarib bo‘lmas injiq, ammo iste’dodli! Biroz ta’lim va tarbiya berish orqali ular musiqiy Olimpni zabt etishi mumkin. Jekson 5 – “Besh Jekson” g‘oyasi shundan so‘ng tug‘ilgan. Avvaliga guruhda faqat Mayklning akalari qatnashgan. Ammo bir kuni, mashq paytida Maykl qo‘shiq kuylashni boshlagan. “U qanday kuylayotganini tinglang”, – dedi Ketrin eriga ...

Ajoyib bola

Jozef Mayklni “Jekson beshligi”ning solisti va qo‘shiqchisi qilganida u atigi besh yoshda edi. Va bu kun uning bolaligining so‘nggi kuni bo‘ldi. Bundan buyon Mayklning butun hayoti shafqatsiz jadvalga bo‘ysundi: kunlik mashg‘ulot soatlari nafaqat o‘yinlar yoki tengdoshlari bilan muloqot qilish uchun, balki o‘qish uchun ham vaqt qoldirmadi. Vaqt o‘tishi bilan Jozef maxsus o‘qituvchi Rouz Faynni taklif qildi, u guruh a’zolariga ular bilan sayohat qilib, avval Amerika, keyin esa butun dunyo bo‘ylab dars berdi.

Foto: Pinterest

“Studiyaning ro‘parasida bog‘ bor edi va esimda, u yerda o‘ynayotgan yigitlarni ko‘rib, hayron qoldim – shunchaki erkinlik, bunday hayotni tasavvur qilolmadim va hamma narsadan ko‘proq shu qadar erkin bo‘lishni, ular kabi o‘zimni tutishni xohlar edim. Shunday qilib, bolaligim ham g‘amgin lahzalarga boy bo‘lgan”, – deb eslagan Maykl Jekson o‘zining “Oy yurishi” kitobida.

Foto: Pinterest

Aslida, hayotning qattiq talabi va bo‘sh vaqtning yetishmasligi unchalik yomon emasdi. Biroq guruhning yetakchisi va prodyuseri xarakteri qattiq ota ekanligi katta muammo edi. Jozef hali ham kamar zarbi barcha muammolarni hal qilishning eng yaxshi usuli ekanligiga va bolalar bilan gaplashish do‘q va baland ovozda bo‘lishi kerakligiga ishongan. Ehtimol, u Mayklga intizom va qattiq mehnat qilish odatini o‘rgatgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘g‘liga bera olmagan narsasi – bu muhabbatdir.

Foto: Pinterest

Bu vaqtda guruhning mashhurligi tez sur’atlar bilan o‘sib bordi: kichik klublardagi chiqishlardan boshlab, bir necha yildan so‘ng guruh Chikagoni zabt etdi. Albatta, muvaffaqiyat Mayklning sharofati bilan amalga oshgan: tomoshabinlar kichik qora tanli bolani juda yaxshi ko‘rib qolgan edi. Va bir muncha vaqt o‘tgach, “Besh Jekson” Nyu-Yorkda konsert berdi va bu ham muvaffaqiyatli tarzda kechdi. Shundan so‘ng Jeksonlar dunyodagi eng mashhur ovoz yozish studiyalaridan biri bo‘lgan “Motown” bilan shartnoma imzoladi. O‘sha paytda Maykl atigi 11 yoshda edi.

Muvaffaqiyatga boy yetuklik

Mayklga otasining qaramog‘idan ajralib, karyerasini yakka boshlash uchun 10 yil kerak bo‘ldi. “Off The Wall” – aka-ukalarsiz yozilgan birinchi albomi bo‘lib, u 1979-yilda chiqdi va bu to‘plam darhol xitga aylandi. Ushbu disk Amerika tarixidagi qora tanli qo‘shiqchining eng muvaffaqiyatli albomi, deb tan olindi va ko‘plab musiqa tanqidchilari uni hanuzgacha Maykl Jekson ijodining eng yuqori cho‘qqisi deb ataydi.

Foto: Pinterest

1984-yilda chiqarilgan navbatdagi albomi ham avvalgisidan kam muvaffaqiyat qozonmadi: disk yettita “Gremmi” mukofotiga sazovor bo‘ldi va Ginnesning rekordlar kitobiga tarixdagi eng ko‘p sotilgan albom sifatida kirdi. Jekson albom savdosidan tushgan foydani eng to‘g‘ri usulda ishlatgan: Pol Makkartnining maslahati bilan u ko‘plab taniqli ijrochilarning qo‘shiqlariga tegishli bo‘lgan ATV musiqiy katalogini sotib olgan. Kelajakda aynan shu sarmoyalar Maykl Jeksonga ko‘plab moliyaviy inqirozlardan so‘ng oyoqqa turishiga imkon bergan.

Foto: “Domashniy ochag”

Yildan yilga yosh Jeksonning yulduzi tobora yuqoriga ko‘tarilib borardi. 1984-yilda u atigi 26 yoshda edi. Eng ko‘p sotilgan albomlar, eng taniqli videokliplar, eng ko‘p tashrif buyurilgan konsertlar... Bularning barchasi Mayklga tegishli bo‘lib, uning hayotida yorug‘ kunlar boshlangan edi.

Biroq o‘sha yili fojia ham yuz berdi: “PepsiCo” reklama roligini suratga olish paytida portlash yuz berdi, uchqunlar Mayklning boshiga tushdi, sochlari bir zumda yonib ketdi... Kuchli kuyishdan keyin bosh terisini tiklash uchun bir nechta operatsiyalar talab qilindi, davolanish jarayoni uzoq va juda og‘riqli kechib, olingan jarohat normal soch o‘sishiga xalaqit berdi. O‘shandan beri Maykl jamoat oldida shlyapasiz ko‘rinish bermay qo‘ydi va bu oxir-oqibat uning imijining o‘ziga xos belgisiga aylandi.

Foto: “Domashniy ochag”

Kuchli kuyish irsiy kasallikning rivojlanishiga olib keldi – vitiligo (terining pigmentatsiyasi buzilishi). Endi Maykl Jekson terisini qalin bo‘yoq qatlami ostida yashirishga, kuchli quyosh nurlaridan himoya qilishga va yuzini to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlaridan yashirishga majbur bo‘ldi. Shikastlanishning yana bir oqibati– bu qattiq og‘riq bo‘lib, qo‘shiqchi umrining oxirigacha bundan azob chekdi.

Foto: “Domashniy ochag”

Xonandada amalga oshirilishiga to‘g‘ri kelgan birinchi plastik jarrohlik amaliyoti ham kuyish oqibatlarini bartaraf etish zarurati bilan bog‘liq edi. Keyinchalik Jeksonning o‘zi jag‘ va burun shaklini o‘zgartirish uchun jarrohlarga murojaat qildi, ko‘z qovoqlari, yonoqlarida plastik jarrohlik amaliyoti o‘tkazdi va iyagida chuqur hosil qilib, teri rangini oqartirdi. Ba’zi operatsiyalar muvaffaqiyatsiz tugadi, xususan, bir qator rinoplastika Mayklning burnini deyarli yo‘q qildi.

Foto: “Domashniy ochag”

Yulduzning tashqi ko‘rinishidagi ko‘plab o‘zgarishlar mish-mishlar to‘lqinini keltirib chiqardi: qo‘shiqchining ko‘plab muxlislari va kuzatuvchilari uning qora rangdan butunlay qutulish va oq irq vakili bo‘lishi uchun ataylab terini shilish bilan shug‘ullanganiga amin edi. Ammo bu hech kimga ma’lum emas. Qo‘shiqchining tashqi qiyofasini yoqtirmasligi ham bolalik jarohati – oilaviy merosdan xalos bo‘lish istagi bo‘lishi mumkin.

Neverlend”dan Piter Pen

1980-yillarning oxirida Maykl Jekson mashhur pop qo‘shiqchisidan g‘alati personajga aylandi, u o‘ziga o‘xshamay qoldi. U omma oldida tobora kamroq paydo bo‘ldi, kamdan kam intervyular berdi va uning hayot tarzi va shaxsiy imtiyozlari haqida eng dahshatli mish-mishlar tarqaldi.

Foto: “Domashniy ochag”

O‘sha paytda Jekson yangi uy – Los-Anjelesdan 2,5 soat uzoqlikda joylashgan ulkan ranchoni sotib oladi. Yangi uy Piter Pen haqidagi kitobda ulg‘ayishni istamaydigan bolalar tushib qoladigan sehrli mamlakat kabi “Neverlend” nomini oldi. Hayvonot bog‘i, ko‘ngilochar xiyobon, kinoteatr, video o‘yinlar bilan jihozlangan arkadasi va hattoki haqiqiy temiryo‘l – bularning barchasi kelgan minglab bolalarga xizmat qildi va zavq bag‘ishladi. Hammasi 1993-yilda butunlay o‘zgarib ketdi. Evan Chandler Maykl Jeksonni voyaga yetmagan o‘g‘liga nisbatan noo‘rin xatti-harakatlarda aybladi. Chandler Jeksonga pul kompensatsiyasi va sudga murojaat qilish bilan tahdid qildi. Xonanda pulni to‘lashdan bosh tortgach, sud tekshiruvi boshlandi.

Foto: “Domashniy ochag”

O‘sha vaqtga qadar ko‘plab operatsiyalar va depressiya tufayli sog‘lig‘i sezilarli darajada yomonlashgan Jekson 23 million dollar miqdorida pul kompensatsiyasi to‘lashga rozi bo'ldi. Qo‘shiqchini suddan tashqari kelishuvga rozi bo‘lishga ishontirganlardan biri Elvis Preslining qizi Liza-Mari edi. O‘sha paytda, juftlikning so‘zlariga ko‘ra, ularning munosabatlari allaqachon yaqin bo‘lgan va oradan bir yil o‘tib, 26-may kuni ular Dominikan Respublikasida turmush qurgan.

Afsuski, ikki yil o‘tib juftlikning nikoh buzildi. Ajrashish sabablaridan biri, Jeksonning aytishicha, Liza-Mari farzand ko‘rishni istamagan. U bilan ajrashganidan bir yarim yil o‘tgach, Maykl teri ko‘chirib o‘tkazishdan so‘ng 1984-yilda unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan hamshira Debbi Rouga uylangan. Ushbu nikohdan ikki nafar farzand dunyoga kelgan. Ba’zilar hali ham bu borada Mayklning otaligiga shubha qiladi. 2002-yilda xonandaga yana bir bolani surrogat ona dunyoga keltirib berdi.

Foto: “Domashniy ochag”

2003-yilga kelib Maykl haqidagi eski mavzu yana ko‘tarildi. Britaniyalik jurnalist Martin Bashir Jeksonning taklifiga binoan “Neverlend” ranchosida deyarli 8 oyni o‘tkazdi. Natijada taqdim etilgan filmda “pop qiroli” megalomaniya va paranoyyaga moyil bo‘lgan va boshqalarning farzandlariga tahdid soladigan g‘ayritabiiy odam shaklida paydo bo‘ldi. Film namoyishidan so‘ng Jekson raddiya dasturini chiqardi, ammo bu jarayonni endi to‘xtatish mumkin emas edi. 10 yil oldin Mayklga qarshi bo‘lgan tuman prokurori Tom Sneddon rasmiy ayblov xulosasini oldi. Shundan keyin xonanda hibsga olinib, uning ranchosi tintuv qilingan. Tergov ikki yil, sud jarayoni uch oy davom etdi – Maykl Jekson barcha 14 ta ish bo‘yicha oqlandi.

“This Is It”

Jarayondagi g‘alabaga qaramay, Maykl undan yutqazuvchi sifatida chiqdi: uning obro‘si yo‘q qilingan, ovoz yozish studiyalari bilan shartnomalar buzilgan, sog‘lig‘i, shu jumladan, ruhiy holati yomonlashgan edi. Suddan so‘ng Jekson darhol bolalari bilan mamlakatni tark etdi va Amerikaga bir yarim yil davomida qaytib kelmadi. Shu vaqt ichida yulduzning moliyaviy ahvoli chindan ham o‘ta og‘irlashdi: kreditlar hajmi mol-mulk qiymatiga tenglashdi, qo‘shiqchi inqiroz arafasida qoldi. Unga faqatgina yangi sayohat va qo‘shiqlar najot bo‘lishi mumkin edi.

Foto: Pinterest

2009-yilda kelib Jekson Londonda 10 ta yirik konsertni o‘tkazish uchun shartnoma imzolaydi. Konsert e’lon qilinganidan keyin bir kun ichida talablar soni milliondan oshdi. Shunda ularning sonini ellikka yetkazishga qaror qilindi.

Foto: Pinterest

Konsertga tayyorgarlik 50 yoshli qo‘shiqchi uchun qiyin sinov bo‘ldi. U uxlashda qiynalar, shu sababli kuchli dorilarni ichishi kerak edi. Doimiy og‘riq uni dorilar dozasini ko‘paytirishiga olib keldi. Va 2009-yil 25-iyun kuni ertalab dozani oshirib yuborish natijasida xonandaning o‘limi qayd etildi – pop qirolining boqiy dunyoga safari konsertidan bir hafta oldin yuz berdi.

“Neverlendni tark etib”

Yulduzning o‘limidan deyarli 10 yil o‘tgach, Maykl Jekson yana gazetaning birinchi sahifalariga qaytdi: 2019-yil 25-yanvar kuni Din Rid tomonidan suratga olingan “Neverlendni tark etib” hujjatli filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Filmda bolaligida Maykl Jekson tomonidan zo‘ravonlikka uchraganini da’vo qilgan ikki erkak – Ueyd Robbins va Jimmi Seyfchak haqidagi voqea tasvirlangan edi.

Foto: Pinterest

Ushbu voqea nafaqat Maykl Jekson va uning bolalar bilan bo‘lgan munosabatlari, balki kattalar, boy va taniqli erkaklar ko‘proq qaram va zaif odamlar – bolalar va ayollarga nisbatan ko‘rsatadigan zo‘ravonlik muammosini muhokama qilish uchun imkoniyat bo‘ldi. Shuningdek, filmdagi Robbins va Seyfchak haqidagi voqealar atrofidagi ziddiyatlar bir necha oy davom etgan va shu kungacha ham to‘liq to‘xtamagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yil Maykl Jeksonning qarindoshlari HBO’ga qarshi sudda g‘olib chiqqan. Endilikda ular musiqachi pedofiliyada ayblangan “Neverlendni tark etib” hujjatli lentasiga qarshi kiritilgan apellyatsion da’vo doirasida 100 million dollar kompensatsiya oladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Toshkent xalqaro aeroportida sumka va kolyaskada qariyb 1,2 kg tilla buyumlarni olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Mahalliy
Jizzaxda aliment pulini undirish uchun borgan MIB xodimi pichoqlandi
Dunyo
Bangladesh talabalari yoqilg‘i narxi oshishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi