Sidney aholisi kannibal sichqonlar bosqinidan tashvishda. O‘ziga turdosh bo‘lgan jonzotlarni yeyishga qodir millionlab kemiruvchilar Kvinslend va Yangi Janubiy Uels shtatlaridagi maktablar, uylar va shifoxonalarni to‘ldirib yuborgan. Sichqonlar Sidneyga mahsulotlar uchun mo‘ljallangan plastik konteynerli furalarda harakatlanib yetib borishi mumkin, deb xabar beradi Esquire.

Foto: Bloomberg

Kemiruvchilarning bu qadar ko‘payib ketishiga o‘tgan yilgi yog‘ingarchilik sabab bo‘lgan — 2020-yilda ikki yillik normaga teng yomg‘ir yog‘gan. Bu esa sichqonlarning ko‘payishi uchun sharoit yaratgan.

Yangi Janubiy Uels hukumati kemiruvchilarga qarshi kurashda yuqori toksik kimyoviy moddalardan foydalanishga ruxsat berishga tayyorlanmoqda. Shtat hukumati 5000 litr bromadiolon sotib olgan bo‘lib, uni mintaqaning eng ko‘p zarar ko‘rgan 20 ta subyektiga taqsimlaydi.

Sichqonlar bosqini, shuningdek, o‘tgan mavsumda rekord darajada hosil yig‘ilgan Avstraliya qishloq xo‘jaligi sohasiga ham xavf tug‘diradi. NSW Farmers raisi Metyu Meddenning so‘zlariga ko‘ra, ayrim fermerlar kemiruvchilar urug‘larni yo‘q qilishidan xavotirlanib, yerga ekin ekishdan bosh tortmoqda.

Meddenning aytishicha, yil boshida ayrim jo‘xori ekinlariga jiddiy zarar yetgan (ba’zi dalalarda 20 foizdan 100 foizgacha) bo‘lib, omborlarda saqlangan donlar yeb tashlangan bo‘lmasa-da, unga kamida sichqon axlatidan zarar yetgan. Bu esa fermerlardan tozalash ishlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi.