Toshkent shahar hokimligi tomonidan 21—25-may kunlari tashkil etilayotgan “Toshkent Besh tashabbus harakati” doirasida qaynoq bayram oqshomlari bo‘lib o‘tadi, unda yoshlar poytaxtning mashhur didjeylari musiqasi ostida raqsga tushishlari mumkin.

Illyustratsiya: “Toshkent Besh tashabbus harakati”

Tadbirning har bir kuni kechki shoular bilan yakunlanadi. Festival ishtirokchilari va mehmonlari besh kun davomida DJ Trace, Roger Gunn, DJ Sam, DJ Niki hamda DJ Voyvov’ning chiqishlariga guvoh bo‘ladi.

DJ Trace. Asl ismi — Oybek Jabborov. U House va Progressive House yo‘nalishlarida ijod qiladi. 2018-yil boshida u afsonaviy Swedish House Mafia a’zosi Steve Angello tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

2019-yil mayida britaniyalik musiqachi Tom Star bilan hamkorlikda trek yozgan. Trekning o‘ziga xos jihati shundaki, o‘zbek tanburi sadolari va elektron musiqani birlashtirgan. Uning musiqalari Tomorrowland, Medusa, ADE, Battered Bruised & Bloody Tour festivallarida jarang sochgan.

Roger Gunn. Sarvar Po‘latov — musiqachi, dijey va musiqiy prodyuser. House, Tech-House, Future va Progressive House yo‘nalishlarida treklar yozadi. U “Milliy TV” telekanalining musiqiy prodyuseri hisoblanadi.

Roger Gunn’ning mualliflik treklari va remikslari Revealed va EnormousTunes xalqaro leybllarida chiqariladi. Ular Benny Benassi, Don Diablo, Afrojack, Blasterjaxx, Hardwell, Mr.White, Thomas Gold va boshqa dunyodagi eng taniqli dijeylar tomonidan ijro etadi.

DJ Sam. Safarjon Mirzayev — O‘zbekistonning eng yaxshi dijeylaridan biri. Club House, Electro House, Progressive House, RnB va Trap yo‘nalishlarida musiqa ijro etadi.

2013-yilda u Lounge Bar Gorod’da bo‘lib o‘tgan DJ’s Battle Tashkent sovrindoriga aylangan, 2016-yilda esa poytaxt dijeylari o‘ntaligida birinchi bo‘lgan. Toshkentdagi Black Star Inc leybli xonandalari bilan hamkorlik qilgan, ular orasida MC Doni, DJ Philchansky, L’One, Natan va Skrudji kabilar bor.

Shuningdek, festival oqshomlari doirasida Ambient, Bassline, Downtempo, Dutch House, Electro House, G-House, Minimal Techno, Tech House, Vocal Trance uslublarida ijod qiladigan DJ Niki hamda DJ Voyvov ham chiqishlar qiladi.

Bundan tashqari, 22-may kuni asosiy sahnada “Elektrooko” guruhining ikki soatlik konserti o‘tishi kutilmoqda.

“Elektrooko” — 2020-yilda musiqachilar Ashot Daniyelyan va Nikita Makarenko tomonidan tuzilgan o‘zbek pop-rok guruhi. “Havotirli qo‘ng‘iroq” debyut albomi va “1984” qo‘shig‘iga ishlangan noodatiy klipini omma e’tiboriga havola etgach, guruh O‘zbekiston bo‘ylab turlarda bo‘ishga ulgurdi va Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Nukusda konsertlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, “Toshkent Besh tashabbus harakati” tadbirlari hududiga kirish uchun “www.toshkent21.uz” saytida ro‘yxatdan o‘tish zarur.

“Daryo” internet-nashri “Toshkent Besh tashabbus harakati”ning media-hamkori hisoblanadi.