Kaliforniyaning Irvayn shahrida istiqomat qiluvchi erkak pandemiya oqibatida jabr ko‘rgan bizneslarga yordam sifatida davlatdan 5 million dollar olib, pullarni sportkarlar xaridiga sarflab yubordi, deb xabar beradi Esquire.

Foto: Twitter / US Attorney L.A.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, 38 yoshli Mustafo Qadiri ushbu mablag‘ni o‘zining to‘rtta kompaniyasida ishlaydigan xodimlarining maoshlarini himoya qilish dasturi bo‘yicha kredit ko‘rinishida olgan. Bu kabi kreditlarning o‘ziga xosligi — ma’lum shartlarga rioya qilinganida kreditning bir qismi kechiktirilishi yoki butunlay undan voz kechilishi mumkin.

Qadiri uchta bankka soxta hujjatlar hamda kompaniyalaridagi xodimlarning soni to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etgan. Qo‘lga kiritilgan pullarga esa u Ferrari, Bentley va Lamborghini xarid qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kaliforniyalik kreditlarning bir qismini “hashamatli ta’tillar” uchun sarflab yuborgan.

Huquq-tartibot idoralari Qadiriga nisbatan to‘rtta ayblovni e’lon qilgan, jumladan, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va pul yuvish. Uning mol-mulki musodara qilingan. Ayblanuvchining o‘zi esa 100 ming dollar garov evaziga qo‘yib yuborilgan.

Avvalroq amerikalik biznesmen davlat tomonidan ajratilgan yordam puliga Kia Stinger va yaxta sotib olgani ma’lum bo‘lgandi.