Isroil-Falastin o‘rtasidagi mojaro avj olganidan beri G‘azo sektoridan kamida 1600 raketa Isroil tomon otilgan, ulardan 400 ga yaqini G‘azo sektori hududining o‘ziga tushgan. Bu haqda Isroil Mudofaa kuchlari vakili Yonatan Konrikusning bayonotiga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.

Foto: The Times of Israel

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi quruqlikdagi operatsiyaga tayyor, ammo hujum boshlashga hali buyruq olmagan. Isroil va G‘azo sektori o‘rtasida raketa zarbalari 10-maydan beri davom etmoqda. O‘t ochish natijasida yetti isroillik va 67 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

“Biz Isroilga otilgan 1600 ta raketani, jumladan, kechagilarini ham urib tushirdik. Ushbu 1600 raketaning 400 ga yaqini G‘azo sektori ichiga quladi”, — dedi Konrikus brifingda. Uning ta’kidlashicha, “Temir gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimining samaradorligi, taxminan, 90 foizni tashkil qiladi. Uning aytishicha, Isroil askarlari G‘azo sektoridagi HAMAS va “Islomiy jihod”ning 600 ga yaqin harbiy kuchlariga hujum qilgan.

Isroil armiyasi vakilining aytishicha, mojaro boshlanganidan beri Isroilda olti nafar tinch aholi va bitta askar halok bo‘lgan. G‘azo sektorida esa Isroil o‘qidan 67 kishi halok bo‘lgan.

Yonatan Konrikus “G‘azo” bo‘linmasidagi qo‘shinlar tayyorgarlikning turli bosqichlarida ekani, ammo hozircha quruqlikdan hujum operatsiyasini o‘tkazish to‘g‘risida buyruq berilmaganini aytdi.

Ma’lumot uchun so‘nggi marta Isroil askarlari G‘azo sektoriga quruqlikdan hujum operatsiyasini 2014-yilda amalga oshirgan edi. Raketa zarbalarini to‘xtatishga qaratilgan “Mustahkam qoya” operatsiyasi bir yarim oy davom etib, unda 2000 dan ortiq falastinlik va o‘nlab isroilliklar halok bo‘lgan.