Qozon maktabida otishma sodir bo‘lganidan so‘ng, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Milliy gvardiya boshlig‘iga shoshilinch ravishda fuqarolik muomalasi uchun ruxsat berilgan qurol turlari bo‘yicha yangi qoidalar ishlab chiqishni buyurdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Foto: “TASS”

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya gvardiyasi boshlig‘i Viktor Zolotovga otishmada hujumchi tomonidan foydalanilgan qurol turini hisobga olgan holda, fuqarolik muomalasiga ruxsat berilgan qurol turlari to‘g‘risida yangi nizom ishlab chiqish buyurilgan.

“Gap shundaki, ayrim mamlakatlarda hujum qurollari sifatida ishlatiladigan miltiqlar ba’zan bizda ov qurollari sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu haqida ham Rossiya gvardiyasi tomonidan shoshilinch ravishda qoidalar ishlab chiqiladi”, — dedi Kreml vakili.

Life Shot nashrining yozishicha, Qozon maktabidagi otishmani uyushtirgan Ilnaz Galyaviyev fevral oyida ovchilik guvohnomasini olgan va ikki oydan so‘ng u 2017-yilgi Hatsan Escort miltig‘ini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Xuddi shu quroldan 2018-yil oktabr oyida Kerch politexnika kollejida qirg‘in uyushtirgan Vladislav Roslyakov ham foydalangan edi. O‘sha jinoyatdan keyin Milliy gvardiya mamlakatda qurol-yarog‘ aylanishi qoidalarini o‘zgartirishni taklif qilgan.

Peskov maktabdagi otishmalardan so‘ng, Putin Qozonga ikkita vazirini yuborganini aytdi.

Xususan Ta’lim vazirligi rahbari Sergey Kravsov va Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashko 175-maktabdagi otishma munosabati bilan Qozonga jo‘nab ketgan.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin allaqachon Federal xavfsizlik xizmati (FXX) rahbari Aleksandr Bortnikovning Qozon maktabidagi otishma haqidagi hisobotini tinglagan, shuningdek, bosh vazir Mixail Mishustin, bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova va favqulodda vaziyatlar vaziri Yevgeniy Zinichyev bilan telefon orqali suhbatlashgan.

Ushbu suhbatlar davomida Qozonga tibbiyot xodimlari, psixologlar va tibbiy jihozlaridan iborat samolyot jo‘natishga qaror qilindi, deb xabar beradi “Interfaks”.

Rossiya Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, maktabdagi otishma sodir bo‘lgani to‘g‘risida, Jinoyat kodeksining 2-qismi 105-moddasi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ish qo‘mitaning markaziy apparati tomonidan tekshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Qozon shahridagi 175-sonli maktabda 11-may kuni ertalab otishma sodir bo‘ldi. Maktabdagi otishmadan keyin portlash yuz bergan. “RIA Novosti” ma’lumotlariga ko‘ra, otishmada kamida 11 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, 32 nafar jabrlanuvchi haqida ham xabar berildi, ulardan 16 nafari kasalxonada. Maktab binosi qurshab olingan. O‘quvchilar yaqin atrofdagi bolalar bog‘chasiga evakuatsiya qilingan. Ko‘plab maktab o‘quvchilari bino derazalaridan sakragan. Ularning ikki nafari halok bo‘lgan.

Otishmada halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlab Tataristonda 12-may motam kuni deb e’lon qilindi.