Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkent moliya instituti 14 kunga, Samarqand davlat chet tillar instituti o‘quv yili oxirigacha masofaviy ta’limga o‘tkaziladi.
Toshkent moliya institutida o‘quv jarayoni 6-maydan 20-maygacha bosqichma-bosqich masofaviy shaklda tashkil etiladi. Institut matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ikki hafta muddatli masofaviy ta’lim talabalar uchun belgilanmoqda. Barcha xodimlar, professor-o‘qituvchilar karantin qoidalariga rioya etgan holda o‘z vazifalarini bajaradi.
Ushbu OTMda darslar 26-martdan 8-aprelgacha ham (14 kun) masofaviy shaklda olib borilgandi.
Samarqand davlat chet tillar instituti esa o‘quv yili so‘ngiga qadar masofaviy ta’lim tizimiga o‘tdi. Institut matbuot xizmatining qayd etishicha, institutda 1, 2, 3-bosqich bakalavrlar (kechki ham, kunduzgi ham) va 1-bosqich magistrantlar uchun o‘quv jarayonlari onlayn shaklda davom ettiriladi hamda ular uchun 2020/2021-o‘quv yili onlayn shaklda yakunlanadi. 4-bosqich bakalavrlar va 2-bosqich magistrantlar bundan mustasno.
Shuningdek, 4-bosqich bakalavrlar bitiruv malakaviy ishi himoyasi uchun va Yakuniy davlat attestatsiyasiga, jumladan, 2-bosqich magistrantlari esa magistrlik dissertatsiyasi himoyalariga sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq amal qilgan holda tayyorgarlik ko‘radi va o‘tkazadi.
Epidemiologik vaziyat barqarorlashib, holat ijobiy tomonga o‘zgarsa, o‘quv jarayonlari an’anaviy shaklda davom ettirilishi bildirilgan.
Avvalroq ushbu OTMda darslar 22-apreldan 14 kunlik onlayn shaklga o‘tkazilgandi.