Qor yog‘gan paytda 10 kunlab tashqi dunyodan uzilib qoladigan Shahrisabzning Ko‘l qishlog‘i aholisiga 2020-yil avgust oyida va’da qilingan yo‘ltanlamas tez yordam mashinasi 2021-yilning 5-may kuni topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbariga ko‘ra, sovg‘ani vazir o‘rinbosarining shaxsan o‘zi topshirgan.
Ta’kidlanishicha, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov va Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan To‘lakov Shahrisabz tumanidagi tog‘li, olis chegara hududidagi Ko‘l qishlog‘ida bo‘lib, aholining tibbiyotga doir muammolarini o‘rgangan.
“1300 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan qishloqdagi oilaviy shifokorlik punkti (OShP)da bir nafar vrach, 8 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatadi. Shifokorga ehtiyoj katta. 2001-yilda qurilgan punktimiz binosi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Eng yaqin tez tibbiy yordam shoxobchasi bu yerdan 26 kilometr masofadagi G‘ilon qishlog‘ida joylashgan. Bizga tog‘li hududda tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun maxsus mashina zarur. Feldsher Abdukarim Azizov qishloqda dorixona ochish harakatida, ammo tashkiliy masalalarda muammoga duch kelmoqda”, — deydi OShP mudiri Abdumalik Safarov.
Qishloqda tibbiyot xodimlari yetishmasligini eshitgan vazir o‘rinbosari hududda vrachlar tanqisligi muammosini hal etish uchun Ko‘l, G‘ilon va atrofdagi boshqa qishloqlar aholisi vakillaridan 10 nafar yosh yigit-qizni Samarqand davlat tibbiyot institutida mazkur oliy o‘quv yurti hisobidan o‘qitish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, tibbiyot markazi binosini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash 2022-yilgi investitsiyaviy dasturga kiritilganini aytgan. Va dorixona muammosini hal etishda ham amaliy yordam beradigan bo‘lgan.
Cobol rusumli zamonaviy yo‘ltanlamas avtomashinasini aholiga topshirgan vazir o‘rinbosari Amrillo Inoyatov “yurtimizda olib borilayotgan katta o‘zgarishlar nafasi nafaqat markazda, balki, avvalo, sizlarniki kabi olis hududlarda yaqqol sezilishi zarur. Zero xalqimizni rozi qilib ishlash — barchamizning asosiy vazifamiz”, degan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil avgust oyida Ko‘l qishlog‘ida bo‘lgan Zoir Mirzayev aholining tibbiyotga doir muammolarini tinglagach, qishloq ahli uchun yo‘ltanlamas tez yordam mashinasi berilishini va’da qilgan.
“O‘sha paytda vazirlikka xabar berilib, ko‘lliklar uchun yo‘ltanlamas tez yordam mashinasi so‘ralgan. Viloyat rahbarining o‘sha so‘roviga javoban, mana bugun va’da qilingan mashina olib kelindi”, — deydi Zoir Mirzayevning matbuot kotibi Ahror Sodiqov.
Mavzuga doir:
- Shahrisabzning Ko‘l qishlog‘ida 2 metr qor yog‘di: 10 kunga “dunyodan uzilib qolgan” qishloq ahli qanday hayot kechirdi?
- Fotoreportaj: Qishda 10 kunlab dunyodan uzilib qoladigan Shahrisabzdagi Ko‘l qishlog‘ida bir kun
- Qalin qor yog‘sa, tashqi dunyodan uzilib qoladigan Shahrisabzning Ko‘l qishlog‘ida oxirgi 2–3 yilda oilaviy ajrimlar kuzatilmagan