Ikkinchi jahon urushi davrida Leningrad qamalidan so‘ng bedarak yo‘qolgan askar — Boborahim Abdullayevning xoki O‘zbekistonga olib kelindi, deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, 1922-yil Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Boborahim Abdullayev 1941-yil Ikkinchi jahon urushiga ketgan.
Urush tugagach, uning bedarak yo‘qolganligi tasdiqlangan. Biroq 2020-yil oktabr oyida Sankt-Peterburgning “Liniya fronta” qidiruv otryadi tomonidan Leningrad viloyati Kirovsk tumani Molodsovo qishlog‘i yaqinida Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarni qidiruv ishlari olib borilishi natijasida bir askarning jasadi qoldiqlari yonidan topilgan hujjati va medalyoniga ko‘ra Boborahim Abdullayev ekanligi tasdiqlandi.
Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Ye. Kassyuraning ta’kidlashicha, Leningrad qamali paytida urushdan, sovuqdan va ochlikdan 420 ming nafar aholi vafot etgan, shulardan 7 ming nafari o‘zbekistonlik askarlar bo‘lgan va ular xotirasiga Sankt-Peterburg shahridagi Pskarevskiy qabristonida yodgorlik o‘rnatilgan.
O‘z navbatida O‘zbekiston hukumati va diplomatik vakolatxona nomidan o‘zbek qahramonini topishda va uni vataniga qaytarishda zarur ishlar olib borganlari uchun ularga minnatdorchilik bildirildi.
Vataniga keltirilgan o‘zbek askarining xoki Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi boshchiligida va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi, faxriylar, yoshlar va marhumning yaqinlari ishtirokida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Enam yaxshi qishlog‘ining xalq qabristoniga musulmonlar udumiga ko‘ra qayta dafn etildi.
Marosimda marhum haqiga Qur’on tilovat qilinib, yaqinlariga hamdardlik bildirildi.
“Endigina esimni taniganimda, otam bilan enam, ikki bolam urushdan qaytmadi-ya, deya xo‘rsinib yig‘laganlari hamon yodimda. Akam endi yo‘qolgan askarlar qatorida emas, balki o‘zining qahramon safdoshlari bilan o‘zbek zaminida abadiy tinchlik topgan askar bo‘ldi. Buning uchun barcha-barchaga o‘z minatdorchiligimni bildiraman”, — deydi Boborahim Abdullayevning singlisi Oysahat Islomova.
Marhumning xoki bilan birgalikda keltirilgan buyumlari endilikda, yaqinlarining roziligiga ko‘ra, davlat rahbarining tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan “Shon-sharaf” muzeyida saqlanadigan bo‘ldi.
Bundan avval Rossiyada Ikkinchi jahon urushi faxriylariga beriladigan mukofot puli O‘zbekiston va Qozog‘istondagiga nisbatan bir necha baravar kam bo‘lib chiqqani, O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi hamda Shavkat Mirziyoyev 9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.