Daryo

Namanganda 6 kishining umriga zomin bo‘lgan avtohalokat sabablarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzildi

Respublika komissiyasi viloyatda o‘rganishlar olib bormoqda

1 daqiqa o‘qish77 180 ko‘rishlar0 izoh0

Namanganda 2020-yil 16-dekabr kuni yuz bergan mudhish avtohalokat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Yig‘ilishda viloyatdagi sektor rahbarlari, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, avtomaktablar, yuk tashish uchun litsenziya beradigan tashkilotlar rahbarlari va haydovchilar ishtirok etdi.

Muhokamada qatnashgan Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Saidovning ma’lum qilishicha, ushbu og‘ir oqibatli avtohalokat sabablarini o‘rganish maqsadida respublika komissiyasi tuzilgan va viloyatda o‘rganishlar olib borilmoqda.

Foto: “Daryo”

O‘rganishlar natijasida dastlabki xulosalarga kelingan va tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Namangan shahridagi hodisa yuz bergan ko‘chada sinov tariqasida svetoforning o‘rni o‘zgartirilib, yangi chorraha tashkil etildi. Bu hududda yo‘l harakatini tashkil etish loyihasi qo‘llab-quvvatlandi va xalq deputatlari navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga kiritiladigan bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

Shuningdek, yuk avtomashinalari ortgan yuk meyorda ekanligini aniqlash uchun tarozidan o‘tkazilishi alohida nazoratga olinadigan va tarozilar soni ko‘paytiriladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Namanganda MAN va Nexia ishtirokida yuz bergan YTH oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, ulardan 4 nafari bir oila vakillari edi.

Mavzuga doir: Namanganda 2020-yilning 11 oyi davomida 152 kishi YTH qurboni bo‘lgan

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar