Yevropa Komissiyasi COVID-19’ga qarshi Yevropa Dori-darmon Agentligi (EMA) tomonidan tasdiqlangan vaksinalardan biri bilan emlangan chet ellik sayyohlarni Yevropa Ittifoqiga kirishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: AP Photo

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) favqulodda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat bergan vaksinalar bilan emlanganlarga ham vakolat berish taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, chet elliklar vaksinani Yevroittifoqqa kelishidan kamida 14 kun oldin qabul qilishi shart. Shuningdek, ular emlangani to‘g‘risida Ittifoqqa a’zo davlatlar tomonidan berilgan raqamli sertifikat yoki hamjamiyatga a’zo davlatlarda tan olingan boshqa sertifikat bilan tasdiqlatishi kerak.

Emlash mumkin bo‘lmagan yoshdagi bolalar, agar kelishidan 72 soat oldin topshirgan koronavirus testi salbiy chiqsa, emlangan ota-onalari bilan hududga kirishi mumkin. Yevropa komissiyasining tavsiyalari kuchga kirishi uchun ular Ittifoq Kengashidagi barcha a’zo mamlakatlar tomonidan tasdiqlanishi kerak. Tavsiyalarning birinchi muhokamasi hamjamiyatda 5-may kuni bo‘lib o‘tadi.

Ayni paytda, faqat ijobiy epidemiologik vaziyatga ega davlatlar fuqarolarigina Ittifoqning aksariyat mamlakatlariga ixtiyoriy sayohat qilishi mumkin. Yevropa Ittifoqi ro‘yxatida hozircha faqat yettita shunday davlat bor.

EMA Ittifoq hududida koronavirusga qarshi AstraZeneca, Pfizer, Moderna va Johnson & Johnson kompaniyalarining vaksinalardan foydalanishga ruxsat bergan. JSST ham ushbu vaksinalarni tasdiqlagan.

Mart oyida agentlik Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini tekshirishni boshladi. Shu bilan birga, EMA va Yevropa Komissiyasi ushbu dori Yevropa Ittifoqiga kerak emasligi va uning xavfli bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida fikr bildirdi. “Sputnik V” yaratuvchilari Yevropa funksionerlarini noxolislikda aybladi.