Oliy Majlis Senati ijtimoiy tarmoqlarda “Homilador ayol 8 oylik go‘dagidan mahrum qilinib, qamoqqa olindi” sarlavhasi ostida tarqalgan videomurojaat yuzasidan Bosh prokuratura va Oliy sudga so‘rov yubordi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Videomurojaatda Samarqand shahridagi tumanlararo pochta bog‘lanmasi operatori lavozimida ishlab kelgan A.R. va bog‘lanmaning qator boshqa xodimlari 2018-yilning 6 oyi mobaynida 743 million so‘m miqdordagi pul mablag‘larini talon-toroj qilganlikda aybdor deb topilib, jazolangani ma’lum qilingan.

Homilador ayolning onasini so‘zlariga ko‘ra, ushbu kamomad qizi A.R. va uning sherigi H.A. tomonidan o‘zlashtirilgani haqida dalolatnoma tuzilgan. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, dalolatnoma rasmiylashtirilishidan oldin rahbariyat bu ikki xodimga nisbatan tazyiq, bosim o‘tkazgan va “bu pullarni oldik, biz o‘zlashtirdik, deb ariza yozib beringlar, qolganini biz hal qilamiz”, degan. Qayd etilishicha, 2019-yilda o‘tkazilgan apellyatsiya sudida ham operatorlar holat yuzasidan javobgar deb topilgan.

Ayol o‘z murojaatida A.R.ga qo‘yilgan barcha ayblarni qayta ko‘rib chiqish lozimligi so‘ragan.

Ma’lum qilinishicha, sud A.R.ning 8 oylik farzandi borligi va hozirda yana homilador ekanligini inobatga olmay, unga 5 yil-u 2 oy muddatga qamoq jazosi tayinlagan.

“Hozirda fuqaroning murojaati yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan Bosh prokuraturasi va Oliy sudiga Senatning so‘rovnomasi yuborilgan. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy sud va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda masalani atroflicha o‘rganib, natijalari yuzasidan ommaviy axborot vositalari orqali axborot beradi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi sobiq bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga va boshqalarga nisbatan ochilgan jinoyat ishini ochiq sud majlisida ko‘rish yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.