Jo Baydenning AQSh prezidenti lavozimidagi birinchi 100 kuni 29-aprelda nihoyasiga yetdi. U o‘z faoliyatini Donald Trampning bir qator qonunlarini bekor qilish bilan boshladi, shuningdek, mamlakatda koronavirusga qarshi emlash darajasini oshirishga, ekologik va iqlim muammolarini hal qilishga hamda Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishga va’da berdi. “RBK” nashri Bayden o‘tgan 100 kun mobaynida nimalar bilan band bo‘lgani haqida fotoreportaj tayyorladi.

20-yanvar, birinchi kun. Baydenning inauguratsiyasi. U bilan birga rafiqasi Jil hamda bolalari Eshli va Xanter (chapdan o‘ngga). Inauguratsiyada Bayden 1893-yilgi oilaviy Injil bilan qasamyod qildi. U Barak Obama davrida vitse-prezident lavozimiga kirishish paytida ham xuddi shu kitob bilan qasamyod qilgan.

Foto: AP Photo

20-yanvar, birinchi kun. Bayden nabirasi Bo bilan Oq uyda

Foto: Getty Images

26-yanvar, yettinchi kun. Bayden Oq uyda vitse-prezident Kamala Xarris yordamida irqiy tenglikka oid kun tartibini ilgari surish bo‘yicha ijro buyruqlarini imzolamoqda. Baydenning ijro etuvchi hujjatlari orasida uy-joy siyosatini takomillashtirish va xususiy qamoqxonalardan foydalanish amaliyotiga barham berish to‘g‘risidagi buyruqlar ham bor.

Foto: Getty Images

2-fevral, 14-kun. Jo va Jil Bayden Kapitoliy binosida ofitser Brayan Siknik bilan vidolashmoqda. Politsiya xodimi 7-yanvar kuni Trampning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirgandan keyin vafot etdi. Aprel oyida tibbiy ko‘rik natijalari ma’lum qilindi: erkak insultni boshdan kechirgan va tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan. Ammo shifokorlar Siknikning ahvolida o‘lim oldidagi holatlar (binoga bostirib kirganlar bilan to‘qnashuv) rol o‘ynaganini ta’kidladi.

Foto: Getty Images

7-fevral, 19-kun. AQSh prezidenti Delaver shtatidagi o‘zi tug‘ilgan Uilmington shahrida Avliyo Jozef katolik cherkovidagi ommaviy marosimda qatnashgandan keyin qabristonni kezmoqda. Bayden ushbu cherkovga muntazam tashrif buyuradi, u yerdagi qabristonga Baydenning birinchi xotini Neliya, qizi Naomi va o‘g‘li Bo dafn etilgan. Neliya va bir yoshli Naomi 1972-yilda avtohalokatda halok bo‘lgan, Bo esa 2015-yilda miya shishi tufayli vafot etgan.

Foto: AP Photo

9-fevral, 21-kun. Bayden itlari Chemp va Meyjor bilan Oq uydagi maysazorda sayr qilmoqda.

Foto: “TASS”

25-fevral, 37-kun. Chapdan o‘ngga: Bayden, vitse-prezident Kamala Xarris, Koronavirusga qarshi kurash guruhi koordinatori Jeffri Zens hamda Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi hamshiraning bemorga COVID-19 vaksinasini yuborishini kuzatmoqda. 25-fevral kuni Vashingtondagi ma’muriy ofisda AQShda 50 millioninchi koronavirus vaksinasi yuborilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Foto: Getty Images

2020-yil dekabr oyi boshida saylovlarda g‘olib chiqqan Bayden prezidentligining dastlabki 100 kunida amerikaliklarning COVID-19’ga qarshi 100 million doza vaksina qabul qilishini va’da qildi. Prezidentligining 37 kuni mobaynida 50 mln kishi COVID-19’ga qarshi emlanganidan keyin u va’da qilingan dozani 200 millionga chiqardi. Ushbu maqsadga 21-aprelda, Bayden prezidentligining 92-kunida erishildi.

19-mart, 59-kun. Bayden Endryus aviabazasidan Jorjiya shtatidagi Atlanta tomon yo‘l olmoqda. Samolyot zinapoyasidan ko‘tarilish davomida, u bir necha marta qoqilib ketdi. Oq uy voqeani shamolli ob-havo bilan izohladi va prezidentning ahvoli joyida ekanini aytdi.

Foto: Reuters

25-mart, 65-kun. Oq uyning Sharqiy zalida AQSh yangi prezidentining birinchi matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Getty Images

29-mart, 69-kun. Bayden Vashingtonda Vyetnam milliy faxriylari kuni xotirasiga bag‘ishlangan marosimda qatnashdi.

Foto: Reuters

31-mart, 71-kun. Bayden Endryus aviabazadagi №1 samolyotga chiqish oldidan. Prezident Pensilvaniya shtatidagi Pittsburgga yo‘l olmoqda.

Foto: AP Photo

5-aprel, 76-kun. Oq uyda Pasxa nishonlayotgan Jo va Jil Bayden. Koronavirus pandemiyasi sababli bu yil an’anaviy Pasxa tuxumini tarqatish bekor qilindi.

Foto: Getty Images

14-aprel, 85-kun. Bayden Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqarilishi haqida e’lon qilmoqda.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden aprelda 1-maydan boshlab Vashingtonning Afg‘onistondagi qo‘shinlari mamlakat hududidan chiqib ketishini e’lon qilgan. Ushbu jarayon 11-sentabrgacha, ya’ni “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining Jahon savdo markazi va Pentagonga uyushtirgan hujumlariga 20 yil to‘ladigan kunda tugaydi. AQShning ortidan NATO, Gruziya, Bolgariya ham qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishini bildirgan.

Baydenning mazkur qaroriga AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp munosabat bildirgan va Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib ketishda 11-sentabrdan foydalanmaslik, harbiylarni tezroq qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqish mumkinligi haqida tanqidiy fikr bildirgan.

17-aprel, 88-kun. Bayden golf o‘yinidan keyin maydonchani tark etmoqda.

Foto: Reuters