Rossiyalik siyosatchi, ayni vaqtda qamoqxonada jazoni o‘tayotgan Aleksey Navalniy Instagram’dagi sahifasida Rossiya bo‘ylab uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan norozilik namoyishlariga o‘z munosabatini bildirdi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: “RIA Novosti”

“Yonimga kelgan advokat kecha sodir bo‘lgan voqealar haqida gapirib berdi. Chin dildan shuni aytishim mumkinki, hozir meni ikkita tuyg‘u — g‘urur va umid jo‘shqinlantirmoqda. Shunday katta va ajoyib harakatning bir qismi ekanimdan g‘ururlanaman. Sizlardek halol odamlardan biri adolatsizlik va qonunlarga bo‘ysunmaslik holatlariga indamay chidab turmayotgani meni quvontirdi. Umid nimadan paydo bo‘lgani ham tushunarli. Endi Rossiya qutqarib qolinishi mumkin. Norozilikka chiqqanlar, sizlar mamlakatni qutqarasiz. Ko‘chalarga chiqmasdan ushbu harakatni qo‘llab-quvvatlaganlar ham to‘g‘ri qilgan. Hatto ikkisini qilmay, vaziyatga achinganlar, qalban hamdardlik bildirganlarga ham rahmat aytaman”, — deya yozgan Navalniy.

Navalniy Rossiyaning ayni paytda zulmatga cho‘mgani va muayyan vaqt davomida ahvol juda og‘ir bo‘lishini ta’kidlagan.

“Biroq Rossiyani ortga tortayotganlar tarixan mahv etildi. Biz baribir ko‘pchilikmiz. Rossiya, albatta, baxtli mamlakatga aylanadi”, — degan siyosatchi.

21-aprelda Rossiyada “Navalniyga ozodlik” nomli norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Siyosatchining tarafdorlari Navalniyning shifokorlari uning sog‘lig‘i yomonlashganini xabar qilganidan keyin mamlakatdagi odamlarni ko‘chalarga chiqib, norozilik namoyishlarini o‘tkazishga chorladi. Shifokorlarning ma’lumotidan keyin Rossiya prokuraturasi Navalniyga aloqador tashkilotlarni ekstremistik guruhlar ro‘yxatiga kiritishni talab qilgan.

“OVD-Info” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning 99 ta shahrida o‘tkazilgan norozilik namoyishlaridan keyin 1900 nafardan ziyod odam hibsga olingan. Avval Butun Rossiya bo‘ylab Navalniyni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan aksiyalarda 1700 ga yaqin odam hibsga olingani xabar qilingandi. Eng ko‘p, ya’ni 825 nafar kishi Sankt-Peterburgda huquq-tartibot idoralarining xodimlari tomonidan ushlangan.