“To‘qson kun bo‘lsa bahor, Ammo unda bir kun bor, Barchasidan ulug‘ kun, Barchasidan sermazmun, Bu kun Ilich tug‘ilgan, Bu kun sevinch tug‘ilgan...”. O‘ttiz yil ilgari ham maktab o‘quvchilari 22-aprel kuni shu she’rni aytib, tadbir uyushtirardi. Hozirgi yoshlar tanimaydigan va tan olmaydigan Vladimir Ilich Lenin yetmish yillik Sobiq Ittifoq davrida dohiy sanalgan bo‘lib, o‘zini ziyoli sanagan kishi uning tarjimayi holini puxta bilar, tarixi sinchiklab o‘rganilar, xato-kamchiliklari bo‘lishi mumkinligi esa aqlga sig‘masdi. Sana munosabati bilan Daryo kolumnisti Shukurjon Islomov kommunistlar dohiysi haqida hikoya qiladi.

Foto: “Gazeta.ru”

Vladimir Ilich Ulyanov 1870-yilda Rossiyaning Simbirsk (hozirgi Ulyanovsk) shahrida inspektor oilasida tug‘ilgan. Uning ota va ona tarafdan ajdodlarida shved, nemis, ukrain, yahudiylar qoni bo‘lgan. Volodya Ulyanov maktabda a’lo baholarga o‘qigan, faqatgina mantiq fanidan “to‘rt”i bor edi, xolos. Lenin hayotini o‘rgangan tarixchilarning yozishicha “...o‘quvchiligidayoq u favqulodda qobiliyati, kuchli xotirasi, tartib-intizomli va qiziquvchanligi bilan ajralib turar, umuman u o‘ziyurar ensiklopediya edi”. U maktabni bitirguncha ham hokimiyatdan noroziligi va inqilobiy istaklari borligi sezilmagan. U otasining yo‘lidan ketib, katta davlat lavozimlarida ishlashini taxmin qilishardi. Ammo bunday bo‘lmadi. Vladimir Ulyanovdan yirik inqilobchi, markschi olim, bolsheviklar partiyasi yetakchisi va tarixdagi birinchi sotsialistik davlat bunyodkori yetishib chiqdi. Akasining o‘limi uning dunyoqarashini tamom o‘zgartirib yubordi.

Volodya Ulyanov maktabni bitirayotgan yili uning katta akasi Aleksandr podsho hukumatiga qarshi bo‘lgan “Xalq irodasi” noqonuniy tashkilotiga aralashganligi uchun hibsga olinadi. Aka-ukalarning onasi afv so‘rab, podshohga xat yozadi, ammo Aleksandr afv so‘rashdan bosh tortadi. Ko‘p o‘tmay u osib o‘ldiriladi. Podsho jazolagan odamning oilasida raddi-ma’raka bo‘ladi, Ulyanovlar bilan qo‘shnilari aloqani uzadi. Bu hodisalar 17 yoshli Ulyanovning xotirasida chuqur iz qoldirgandi.

Shundan so‘ng yosh Ulyanov Marks, Engels, Plexanov kabi olimlarning asarlarini jiddiy o‘rganishga kirishadi. Qonun taqiqlagan to‘garaklar bilan aloqa bog‘laydi. Universitetda o‘qish vaqtida g‘alayon qo‘zg‘ashda ayblanib, o‘qishdan chetlashtiriladi. Ayniqsa, uning dunyoqarashiga rus faylasufi, yozuvchi, inqilobchi Nikolay Chernishevskiyning asarlari qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Sotsial-demokratiyaga qiziqadi. 1895-yilda Yevropaga borib, xalqaro ishchilar harakatlari yetakchilari bilan ko‘rishadi va qaytgach bir guruh hamfikrlari bilan “Ishchilar sinfini ozod qilish uchun kurash ittifoqi”ni tuzadi. Bu ishi uchun Yenisey guberniyasiga surgun qilinadi. Surgundagi hayoti yomon kechmaydi, o‘z asarlarining kattagina qismini yozib tugallaydi. Nadejda Krupskaya bilan turmush quradi. 1900-yilda uning surgun muddati tugaydi va Pskovga kelib, “Zarya” va “Iskra” nomli gazetalar chiqaradi.

1905-yildan 1907-yilgacha Shveysariyada immigratsiyada yashaydi. Birinchi rus inqilobi omadsiz yakunlanib, tashkilotchilari qamalgach, u partiyani boshqaradi. Doimiy ravishda Yevropa bo‘ylab ko‘chib yurganiga qaramasdan birinchi inqilobdan ikkinchisigacha uning ijodi sermahsul bo‘ladi: “Pravda” gazetasini chiqarib, unda tinimsiz publitsistik materiallar berib boradi. Ikki yilda “Pravda”da Leninning 270 ga yaqin maqolasi chop etiladi. Bu maqolalar bolshevizmni targ‘ib qilardi. Lenin o‘sha yillari Stalin bilan tanishgan, Stalin gazeta muharriri edi.

Foto: Godliteratury

1917-yilda Lenin qurolli qo‘zg‘alon va oktabr inqilobi tashkilotchilaridan biri bo‘ladi hamda sho‘rolar hukumati o‘rnatilishida bosh bo‘ladi. Shu yilning 31-oktabrida Leninning shaxsiy buyrug‘i bilan Petrograddan Moskvaga keltirilgan askarlar, harbiy dengizchilar va qizil gvardiyachilar hokimiyatning sho‘rolar qo‘liga o‘tishini ta’minlaydi.

Lenin boshchiligida hokimiyatga kelgan bolsheviklar butunlay yangi tizimni qura boshlaydi. Bolsheviklar Yevropa sotsial-demokratlaridan radikal islohotchiligi bilan ajralib turar, kapitalizm bilan murosasiz edi. Leninning qisqacha biografiyasida yozilishicha, u Germaniya bilan tinch yashashga kelishgan, xususiy savdo uchun sharoit qilib bergan, chunki davlat bu vaqtda fuqarolarni to‘la ta’minlay olmas, shu bois mustaqil non topishga izn bergandi. Bu ichki vaziyatni ancha yumshatgan. Leninning rahbarligi ostida Qizil Armiya tuzilgan. 1922-yilda esa SSSR deb atalgan yangi davlat tashkil topgan. Mamlakatni to‘la elektrlashtirish g‘oyasi ham Leninga tegishlidir.

1918-yilda Fanni Kaplan ismli anarxist ayol Leninga o‘q otib, yaralaydi. Shundan so‘ng proletariat dohiysining salomatligi yomonlashadi va to‘rt yildan so‘ng faol siyosatdan asta-sekin chekina boshlaydi. 1923-yilda sog‘lig‘idan butunlay ajralib, nogironlar aravachasiga o‘tiradi. Bir yildan so‘ng miyasiga qon quyilishi tufayli dunyodan o‘tadi. Ayrim tarixchilarning aytishicha, Lenin o‘limiga neyrosifilis sababchi, chunki u avvaldan sifilisdan davolanib yurgan.

Leninning tanasi balzamlanib, mavzoleyga qo‘yilgan. SSSR davrida uni ko‘rish uchun odamlar navbatda turardi. Hozir ham Leninning jasadi mavzoleyda, biroq uni ko‘mish masalasi tez-tez ko‘tarilyapti. Chunki uni saqlash Rossiya hukumatiga bir yilda o‘n minglab dollarga tushmoqda.

Leninning shaxsiy xususiyatlari haqida gap ketganda uni talabchan, sinchkov va tartibli ekanligi bilan birga o‘ta avtoritar va quv ekanligini britaniyalik tarixchi Helen Rappoport tilga oladi. Fikrini ma’qullamaganlarga toqatsiz bo‘lgan, do‘stlik uning uchun ikkinchi darajali edi. Dushmanlariga shafqatsiz bo‘lib, odamlardan o‘z maqsadida istaganicha foydalangan. Leninning tili chuchuk bo‘lib, “R”ni talaffuz qilolmasdi. Leninning dabdabadan qochib, oddiy yashash tarzi odamlarning unga ixlosini orttirgan. Bu leninchilarning hozir ham asosiy argumentlaridan biridir.

Foto: Google Photos

Leninning faoliyati haqida xalq ham, tarixchilar ham yagona fikrda emas. Uni milliy qahramon sifatida ko‘ruvchilar ham, davlat jinoyatchisi deb hisoblovchilar ham ko‘p. Talqinlar esa bir-biriga o‘ta ziddir. So‘rovnomalar natijasiga qarasak, podsho hukumatini ag‘darib xalq hokimiyati o‘rnatgani, oddiy odamlar hayotini yaxshilagani, savodsizlikni tugatib, barchaga bepul ta’lim huquqini bergani, ishchi-dehqonlarga erkinlik va huquq bergani, ijtimoiy tenglikni ta’minlagani uchun Leninni hurmatlashadi. Ammo fuqarolar urushi yoyilishi, davlatning parokanda bo‘lishi, inqilobdan keyingi iqtisodning izdan chiqishi, ocharchilik, podsho oilasining o‘ldirilishi, mamlakatning tabiiy yo‘ldan noto‘g‘ri yo‘lga og‘ishida bosh aybdor Lenin deb hisoblovchilar ham oz emas. Rossiyaliklarning Leninga munosabatida qiziq tendensiya kuzatiladi: ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanish kuchaygan mahalda Lenin mashhurlasha boshlaydi va odamlar to‘kin sovet yillarini qo‘msab qoladi. Aslida, bu faqat rossiyaliklar uchun emas, sobiq SSSRning deyarli barcha davlatlari uchun xos desak bo‘ladi.

Lenin oddiy odamlarning ko‘nglini ustalik bilan ovlardi. Uning oddiy oshpaz ayol mamlakatni boshqarishi mumkinligi haqidagi gapi mashhur. Lenin shunday hisoblaganiga ishonish qiyin, chunki u chuqur bilimli kishi edi. Bu intellekt jihatdan odamlar orasidagi farq uncha katta emasligini ta’kidlash uchun aytilgan mubolag‘ali gap bo‘lishi mumkin. Yoki Leninning navbatdagi populizmi. Boringki, qorni ochib turganda aytib yuborgan bo‘lishi ehtimol. Shunga qaramasdan, Lenin SSSRda benihoyat ulug‘langan. O‘zbek tarixchilarining yozishicha, Lenin payg‘ambar ekanligi xususida jiddiy bahslar bo‘lgan. O‘zbek sovet adiblari orasida Leninni bir bora maqtab yozmagan ijodkorni topish qiyin.