O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovning o‘limidan so‘ng uning rafiqasi, taniqli xonanda Tojibar Azizova ham koronavirusga chalinib, og‘ir ahvolda ekanligi haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi. 22-aprel kuni Tojibar Azizova turmush o‘rtog‘ining o‘limidan so‘ng ilk marta ko‘rinish berib, o‘zining ham, qizining ham ahvoli yaxshiligini ma’lum qildi.

Aktrisa Zarnigor G‘aniyeva Mirza Azizov xonadonidagi iftorlik aks etgan videoni Instagram’dagi sahifasiga joyladi. Unda Muqimiy teatri aktrisasi Gulchehra Nosirova ham ko‘rinish bergan.

“Bilaman, ushbu oilani butun tomoshabinlar hurmat qilishadi, shu qatorda biz ham. Muqimiy nomidagi teatr ijodkorlari mana shu oilani hurmat qilamiz. Bugun Mirzaxonni birinchi payshanba kunlari hammamiz yig‘ilib, erkaklarga ehson berildi, iftorlik qilindi. Hammasiga mana bizning dugonamiz Tojibarxon bosh-qosh bo‘lib turibdilar. Umrlari uzoq bo‘lsin, ilohim”, — deydi Gulchehra Nosirova.

Videoda Tojibar Azizova o‘zining salomatligidan xavotir olayotgan muxlislariga murojaat qilib, ahvoli yaxshi ekanligini aytadi.

“Men judayam yaxshiman, sog‘lig‘im judayam yaxshi. Mana bugun birinchi payshanbaliklarini o‘tkazdik. Mahallamizga, teatrning eng katta, ulug‘ insonlarini chaqirib, ehson qildik qo‘ldan kelgancha. Ilohim, xo‘jayinimning joylari jannatdan bo‘lsin, oxiratlari obod bo‘lsin. Bugungi yozgan dasturxonimiz oldilariga chiroyli bir dasturxon bo‘lib borsin. Men judayam yaxshiman, qizimam yaxshi yuribdi. Sog‘ bo‘linglar, umringiz uzoq bo‘lsin, o‘zlaringizni ehtiyot qilinglar!”, — deydi Tojibar Azizova.