Farg‘ona viloyati Rishton tumanida talonchilik sodir etgan ikki yigitga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: IIV Tergov departamenti matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 18-aprel kuni soat 19:30 larda 21 yoshli M.A. va T.I. Rishton tumani “Chek Nasriddin” mahallasiga tanishining oldiga kelgan 22 yoshli T.J.ni “mahalladagi qizlarning oldiga nega kelding?” deb, hech bir sababsiz uning  yuziga urib, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, jami narxi 200 ming so‘mlik kurtkasi va bir juft oyoq kiyimi, 1 million so‘mlik uyali telefonini ochiqdan ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Foto: IIV Tergov departamenti matbuot xizmati

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida M.A. va T.I. protsessual tartibda ushlanib, ulardan kurtka, bir juft erkaklar oyoq kiyimi va bir dona, Alcatel rusumli telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Holat yuzasidan Rishton tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan M.A. va T.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, talonchilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov departamenti bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini eslatib o‘tgan.

Avvalroq Buxorodagi xonadonlardan 10 dan oshiq chorva mollarini o‘g‘irlab ketgan shaxslar ushlangani, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Bek-baraka” savdo majmuasida sotuvchining buyumlarini talon-toroj qilib ketgan ayollar qo‘lga olingani, Zangiotada 19 yoshli qizni kimsasiz joyga olib borib, uni tirnoq oluvchi “kusachka” bilan qo‘rqitib, telefon va taqinchoqlarini o‘margan haydovchi ushlangani haqida xabar berilgan edi.