Namangan viloyatida 2021-yil birinchi choragida sudlar tomonidan 825 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu 2020-yilning shu davriga nisbatan 40 foiz yoki 238 taga ko‘p. Bu haqda “Daryo”ga viloyat sudi raisi Abdurasul Eranov ma’lum qildi.

Abdurasul Eranov.

Foto: “Daryo”

Eranovning aytishicha, shu bois jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalarning ish hajmi 2020-yilga solishtirilganda oyiga o‘rtacha 8,8 foizga ortgan.

“Viloyatda 2021-yil birinchi choragida hukm chiqarilib yakunlangan ishlarning aksariyatini qasddan badanga tan jarohati yetkazish, o‘g‘rilik, firibgarlik, bezorilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, transportdan foydalanish qoidalarini buzish, shtamp va hujjatlar, muhr va blankalarni qalbakilashtirish jinoyatlari tashkil etdi”, — deydi viloyat sudi raisi.

Insonparvalik tamoyiliga asoslangan holda 6 nafar shaxs oqlanib, 55 nafari sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Shu bilan birga, viloyatda 2021-yilning dastlabki uch oyi davomida jami sudlangan shaxslarning 224 nafari yoki 21,3 foizini takroran jinoyatga qo‘l urganlar tashkil etdi.

“Namanganda 2021-yil 1-choragida 109 nafar ayolga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rib chiqilib, ulardan 91 nafariga jazo tayinlandi. Bu ko‘rsatkich ham 2020-yilga nisbatan 25 kishiga ortgan. Umuman, viloyatda 2021-yil uch oyi davomida jami sudlangan shaxslarning 12,6 foizini ayollar tashkil etgan”, — deydi Abdurasul Eranov.