Surhan Gas Chemical Operating Company, “VEB.RF” va “Gazprombank” O‘zbekistondagi “Mustakillikning 25 yilligi” gaz konini qidirish va o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirish uchun asosiy indikativ moliyalashtirish shartlarini imzoladi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: Surhan Gas Chemical Operating Company

Hujjat ostida Surhan Gas Chemical Operating Company bosh direktori Andrey Ignatov, “Gazprombank” boshqaruv raisi o‘rinbosari Aleksey Belous va “VEB.RF” boshqaruv raisi o‘rinbosari Daniil Algulyan imzo chekkan. Imzolash marosimi “VEB.RF” raisi Igor Shuvalov ishtirokida bo‘lib o‘tgan.

Loyiha Surxondaryo viloyatida gaz qayta ishlovchi zavod hamda qazib olingan gazni tashish va sotishni nazarda tutuvchi infratuzilma obyektlarini qurishni o‘z ichiga oladi.

Loyihaning umumiy qiymati 1,75 milliard dollarga baholanmoqda. Rossiya moliya institutlari tomonidan ajratiladigan 900 million dollar miqdoridagi kredit mablag‘lari Rossiya mahsulotlari va xizmatlarini yetkazib berishga yo‘naltiriladi. Ayni vaqtda investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 477 million dollarni tashkil etmoqda.

“M-25” loyihasi xalqaro investorlar konsorsiumi tomonidan 2017-yilning aprelida O‘zbekiston bilan tuzilgan mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim asosida amalga oshirilmoqda. Altmax Holding, “O‘zbekneftgaz” va Gas Project Development Central Asia loyiha aksiyadorlari hisoblanadi. Mahsulotni taqsimlash bitimi doirasida operator vazifasida Surhan Gas Chemical Operating Company kompaniyasi ishtirok etadi.

“M-25” gaz koni hozirda O‘zbekistondagi qayta ishlanmagan eng yirik gaz konlaridan biri hisoblanadi. Kondagi gaz zaxirasi 150 milliard kubometrdan ortiq. Gaz zaxirasining asosiy qismini uglerod dioksid va vodorod sulfid tashkil etadi. Tovar gazi gazni qayta ishlovchi zavodda kislota gazlarini yo‘qotish qurilmalarida ishlab chiqariladi va bunda ishlab chiqarish hajmi yiliga 5 milliard kubometrni tashkil etadi. Gazni qayta ishlash zavodini loyihalash va qurish Shell kompaniyasining gazni tozalash va oltingugurtni ishlab chiqarish litsenziyali texnologiyasi asosida amalga oshirilmoqda.

Gaz koni va uni qayta ishlovchi zavod quriladigan maydon Boysundan 20 kilometr narida joylashgan. Amaldagi Sho‘rtan—Sherobod magistral gaz quvuri va temiryo‘l liniyasi zavoddan 10 kilometr uzoqlikdan o‘tadi.