Qashqadaryolik ona va uning qizi — X.Z. hamda T.I. Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxona va poliklinikalarga fuqarolarni ishga joylashtirishni va’da qilib, jami 11 nafar fuqaroni chuv tushirgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Jabrlanuvchi fuqarolar ona-bolaga bu xizmatlari uchun 100—700 AQSh dollari bergan. Surishtiruvda ular 11 nafar fuqarodan 4300 dollar olib, o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, T.I.ning 2021-yil 1—2-aprel kunlari Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori va kotibasi hamda ko‘p tarmoqli poliklinika bosh shifokorlariga telefon orqali o‘zini mansabdor shaxs sifatida tanishtirib, SMS xabar yozib, yuqoridagi fuqarolarning ism-familiyasini yozdirib, ishga qabul qilishini talab qilgani aniqlangan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Farg‘onada 1200 dollar evaziga fuqaroning pasportidagi ismi va tug‘ilgan yilini o‘zgartirib berishni va’da qilgan shaxs ushlangani, Navoiyda o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerni 150 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan mansabdor shaxs qo‘lga olingani hamda SamDUda dekan o‘rinbosari talabadan 500 dollar pora olayotganda qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi.