Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev koronavirusga qarshi Qarag‘anda farmatsevtika zavodida ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasi bilan emlandi. Ayni paytda u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Bu haqda matbuot kotibi Berik Ualiga tayanib, “RIA-Novosti” xabar berdi.
“Bugun davlatimiz rahbari Qarag‘anda farmatsevtika zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan ‘Sputnik V’ vaksinasini qabul qildi. Emlashdan so‘ng u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Ikkilamchi ta’sirlar yo‘q”, — deb yozdi Uali o‘zining Facebook sahifasida.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, prezident Qozog‘iston fuqarolarini emlash va jamoaviy immunitetni shakllantirish bilangina koronavirusni yengish mumkinligiga ishonch bildirmoqda. Ta’kidlanishicha, faqat shu orqali barcha cheklovlar olib tashlanib, fuqarolarning odatiy hayoti va iqtisodiy faoliyatining tiklanishini ta’minlash mumkin.
“Davlatimiz rahbari yana bir bor barcha fuqarolarni iloji boricha tezroq vaksina olishga chaqiradi. Bu o‘zingizni va yaqinlaringizni infeksiyadan himoya qilishning yagona yo‘li. Avvalroq prezident hukumat va mahalliy ijro etuvchi organlarga xorijdan vaksinalar yetkazib berishni ta’minlash va mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, emlash jarayonini tashkil etish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi”, — dedi Uali.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda koronavirusning yangi mutatsiyasi paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Uni hozircha shartli ravishda “olmaotacha” shtamm deb nomlashdi.Avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahrida 21-martdan buyon amal qilib kelayotgan karantin cheklovlari uzaytirildi. Shahar bosh sanitar shifokori Jandarbek Bekshin tegishli qarorni imzoladi. Shuningdek, Jandarbek Bekshin 26-mart kuni Olmaotada koronavirusning yanada yuqumliroq deb hisoblanuvchi “britancha” va “janubiy afrikacha” shtammlariga xos bo‘lgan mutatsiyalar aniqlanganini ma’lum qildi.
Qozog‘istonda 1-fevraldan aholini koronavirusga qarshi emlash boshlandi. Mamlakat aholisi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanmoqda. Hozirda Rossiyaning vaksinasi Qozog‘istondagi Qarag‘anda farmatsevtika majmuasi tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
Izoh (0)