Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask Rossiyaning Kosmik faoliyat bo‘yicha davlat korporatsiyasi (“Roskosmos”) tomonidan ishlab chiqilayotgan “Amur-SPG” raketasi haqida o‘z fikrini bildirdi. Davlat korporatsiyasi raketaning birinchi pog‘onasi kamida 10 marta uchirilgandan so‘ng ham omon qolishiga umid qilmoqda, deb yozadi Forbes.

Foto: AP Photo

“Bu yaxshi usul, lekin men raketadan to‘liq qayta foydalanishga intilishni tavsiya qilaman”, — deb yozdi Mask Twitter’da, shuningdek, u izohlarda SpaceX’ning Falcon 9 eltuvchi raketalarida birinchi pog‘onadan qayta foydalanish sonining chegarasi yo‘qligi, ammo har safar uni qayta sozlash qiyinlashib borishi haqida qo‘shimcha qilgan.

Mart oyining o‘rtalarida Falcon 9 raketasining qayta foydalanish mumkin bo‘lgan birinchi pog‘onasi to‘qqizinchi marta platformaga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Biroq uning dastlabki ikkita uchirilishi (2015-yil yanvar va aprel oylarida) muvaffaqiyatli yakunlanmasdan, qo‘nish paytida birinchi pog‘ona portlagan edi.

“Roskosmos” rahbari Dmitriy Rogozin 2019-yilda pog‘onalardan qayta foydalaniladigan metan bilan harakatlanuvchi raketa ustida ish boshlanganini e’lon qildi va uni “chiroyli qalam” deb atadi. “Soyuz-2” oilasiga kiruvchi barcha raketalarni yangi raketa bilan almashtirish rejalashtirilmoqda. “Bu pog‘onalari ikki yarim baravar kamroq bo‘lgan raketa, u arzonroq, shuningdek, qayta foydalaniladigan pog‘onalardan iborat bo‘ladi, biz bu ishni iloji boricha tezroq ochishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Rogozin 2019-yilda.

2020-yil oktabr oyida “Roskosmos” “Amur-SPG” kosmik raketa kompleksini, xususan, metan bilan harakatlanadigan raketani dastlabki loyihalashtirish bo‘yicha “Progress” raketa-kosmik markazi bilan shartnoma imzoladi. Raketa Amur viloyatidagi Vostochniy kosmodromidan uchiriladi. Davlat korporatsiyasining rejalariga ko‘ra metan raketasi 2026-yilda birinchi parvozni amalga oshiradi.