Rossiya prezidenti Vladimir Putin koronavirus bilan kasallangan Argentina rahbari Alberto Fernandesga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘radi. Bu haqda Kreml rasmiy saytiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Alberto Fernandes

Foto: AP Photo

“Vladimir Putin Alberto Fernandesni o‘tgan tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, unga tezroq va to‘liq sog‘ayib ketishni  tiladi”, — deyiladi Kreml xabarida. Suhbat davomida Argentina prezidenti koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangani sababli kasallik simptomlarsiz kechayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Argentinaning Infobae va Clarin nashrlari ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi suhbat, taxminan, 30 daqiqa davom etganini xabar qilmoqda. Putin, o‘z navbatida, preparatni yetkazib berishni davom ettirishga va’da berdi. Bundan tashqari, Putin rossiyalik shifokorlarni Argentinaga yuborish taklifini bildirdi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari jahonda kechayotgan siyosiy vaziyat bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, Argentinaning Xalqaro valyuta fondi bilan muzokaralari to‘g‘risida doimiy fikr almashishga kelishib oldi.

Argentina “Sputnik V”dan foydalanishni ikkinchi bo‘lib tasdiqlagan edi. Mamlakatda preparat 2020-yil dekabr oyining oxirida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Argentina Vazirlar mahkamasi rahbari Santyago Kafyeroning Twitter’da keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, 5-aprelgacha mamlakatga 7 million dozadan ortiq “Sputnik V” vaksinasi yetkazib berildi.

Yanvar oyida Argentina prezidenti “Sputnik V” bilan emlangan edi. 3-aprelda Fernandesda koronavirus borligi tasdiqlandi.  “Sputnik V” preparatini ishlab chiqaruvchi Gamaleya markazi emlash kasallikni og‘ir alomatlarsiz yengishga va tezroq tuzalishga yordam berishi kerakligini ta’kidladi. Argentina rahbarining o‘zi unda kasallik simptomlarsiz kechayotganini aytdi. Shifokorlar Fernandesning qoni kislorodga to‘yingani va tahlillari yaxshi chiqqanini ma’lum qildi.