Turkiyaning patrul qayiqlari hujjatsiz muhojirlarni olib kirayotgan bir nechta qayiqni qo‘lga olishga urinayotgan Gretsiya sohil xavfsizligi xizmatining qayiqlarini ta’qib qildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bortida 300 kishi bo‘lgan oltita qayiq Egey dengizining sharqidagi Lesbos oroli yaqinida Gretsiya hududiga kirishga harakat qilgan.
Shuningdek, bu hududda Turkiyaning oltita patrul qayiqlari bo‘lgan. Ular Gretsiya sohil xavfsizligi xizmatining o‘sha hududda navbatchilik qilayotgan patrul qayiqlarini ta’qib qilgan.
Avvalroq O‘rta Yer dengizining Tunis qirg‘oqlari yaqinida ichida noqonuniy ko‘chayotgan muhojirlar bo‘lgan ikkita qayiq ag‘darilib, yo‘lovchilar cho‘kib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Qayiqlar Italiyaning Lampeduza oroli tomon ketayotgan edi. Halokat oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Ularning barchasi Afrika mamlakatlari fuqarolari bo‘lgan.
Izoh (0)