Belarus davlat xavfsizlik qo‘mitasi 2020-yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya, Belarus muxolifati muvofiqlashtirish kengashi rayosatining a’zosi Pavel Latushko, shuningdek, yana 15 nafar fuqaroni terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Belarus DXQning qayd etishicha, tergov-surishtiruv natijalari bo‘yicha ular BYPOL faoliyatiga bevosita aloqador. Maleychuk V.A. hamda BYPOL a’zolariga nisbatan 2021-yil 25-mart kuni Borisov va Minsk shaharlarida terrorchilik harakatlarini sodir etishga urinishlar qilgani uchun jinoyat ishi ochilgan. Ayblanuvchilar tariqasida 18 nafar odam ishga chaqirilgan va ular xalqaro miqyosda qidiruvga berilgan.
Belarus DXQ ma’lumotiga ko‘ra, Tixanovskaya va Latushkoni Litva hamda Polshadan ekstraditsiya qilish bo‘yicha hujjatlar tayyorlangan.
Tixanovskayaning matbuot xizmati uning terrorchilikka aloqador ro‘yxatga kiritilgani muxolifat olib borayotgan xalqaro muzokaralarga ta’sir ko‘rsatmasligini qayd etgan.
“Muzokaralarga jalb qilish jarayoni yanada tezlashishi lozim”, — deyilagan Tixanovskaya matbuot xizmatining bayonotida.
Mavzuga doir: “Lukashenkoning rejimi bu yil qulaydi”. Svetlana Tixanovskaya Belarusda hokimiyat almashishi haqida gapirdi
Mavzuga doir: Lukashenko tez orada nafaqaga chiqishini aytdi
Izoh (0)