Yaponiyaning Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi besh yil ichida F-2 qiruvchi-bombardimonchilar o‘rnini bosuvchi yangi avlod harbiy samolyotlarini ishlab chiqmoqchi va qurmoqchi. Bu haqda NHK telekanaliga asoslanib “Korrespondent.net” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, loyiha ustida 500 ga yaqin mutaxassis ish olib boradi. Ular asosan Mitsubishi Heavy Industries, shuningdek, dvigatel va radarlar ishlanmasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa Yaponiya kompaniyalari xodimlari hisoblanadi.
Rejaga ko‘ra, yangi havo kemasi prototipi 2027-yilgacha quriladi va darhol sinov parvozlari amalga oshiriladi. 2031-yilgacha esa kompaniya bu texnikani keng ko‘lamda ishlab chiqarishni boshlaydi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha 14 milliard dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, Yaponiya 2035-yilda vodorod yoqilg‘isini ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirmoqda. Zavod muz konlari joylashgan Janubiy qutb hududida quriladi. U yerda yoqilg‘i, shuningdek, kislorod va vodorod ham ishlab chiqariladi. Vodoroddan Oy bo‘ylab, Yer orbitasi hamda Oy yaqinidagi kosmik stansiya o‘rtasida harakatlanish uchun yoqilg‘i sifatida foydalaniladi.
Izoh (0)