Samarqandda hovlisidagi 4 metrli chuqurga tushib ketgan uy bekasi qutqarildi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Foto: FVV

Hodisa 14-mart kuni Samarqand shahrining Gurgli ko‘chasida joylashgan uylarning birida sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, bir kun oldin uy egasi 4 metrli chuqur qazgan, ammo bu chuqurning og‘zini yopish choralarini ko‘rmagan. Shu orada bog‘ tomon yo‘l olgan 52 yoshli N.T. ismli uy bekasi chuqurni ko‘rmay qolib, unga tushib ketgan.

Hodisaga guvoh bo‘lgan fuqarolar zudlik bilan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining qutqaruv guruhiga qo‘ng‘iroq qilgan. Bir necha daqiqa davom etgan qutqaruv jarayonlari natijasida fuqaro chuqurdan olib chiqilgan.

Aniqlanishicha, uy bekasi jiddiy jarohat olmagan va shu sababli tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilinmagan.

Bundan avval Andijonda xandaq qaziyotganda tuproq bosib qolgan fuqaro, Farg‘onada 12 metrlik chuqurlikda qolib ketgan ishchi hamda Toshkent viloyatida tuproq bosib qolgan qurilish ishchisi qutqarilgani haqida xabar berilgandi.