Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashovchi ayol navoiylik 22 yoshli qizni Turkiyaga sotib yuborgani aniqlandi, deya xabar bermoqda “Xalq so‘zi online”.
Navoiy viloyati IIB Terrorizm va ekstrimizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv harakatlari natijasida Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashovchi 1969-yilda tug‘ilgan fuqaro Q.M. 1998-yilda tug‘ilgan navoiylik M.G‘.ning ishonchiga kirib, Toshkent shahridagi savdo do‘konlaridan birida ishlatishni va’da berib, olib ketgani aniqlangan.
Biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan Q.M. 22 yoshli qizni 2020-yilning oktabrida Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaga olib chiqib ketadi. Keyinroq Q.M. qizni Turkiyada yashovchi fuqarolarga sotib yuboradi.
Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “z” bandi (jabrlanuvchini O‘zbekiston davlat chegarasidan olib o‘tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda odam savdosi bilan shug‘ullanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Navoiyda boshpanasiz qizga o‘z uyidan joy berib, uni fohishalikka majburlagan ayol ushlangani, Jizzaxda 3 nafar ayolni fohishalik qilish uchun Turkiyaga jo‘natayotgan 21 yoshli yigit qo‘lga olingani hamda Namanganda bir yoshga to‘lmagan o‘g‘lini 4700 dollarga sotishga uringan ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)