Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Markl amerikalik mashhur teleboshlovchi Opra Uinfriga intervyu berdi. Intervyu Toshkent vaqti bilan 8-martga o‘tar kechasi Amerikaning CBS telekanalida, 9-martga o‘tar kechasi Britaniyaning ITV telekanalida namoyish qilindi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kanallar intervyuning translyatsiyasi huquqi uchun kamida 8,4 million dollar to‘lagan. Ammo xarajatlar o‘rni allaqachon qoplangan bo‘lishi mumkin, chunki translyatsiya AQShda 17 million kishini, Buyuk Britaniyada 12 million kishini ekran qarshisiga “mixlagan”.

Shahzoda Garri va rafiqasi Marklning intervyusi shov-shuvga aylanib, ayni paytda butun dunyoda muhokama qilinmoqda. Meduza ushbu muhokamalarning tafsilotlarini taqdim etdi.

Foto: AFP

Garri va Megan nimalar haqida gapirgan edi?

Shahzoda Garri va Megan Markl rasmiy to‘y marosimidan uch kun oldin yashirincha turmush qurgan. Qirollik oilasining ba’zi a’zolari juftlikning birinchi fazandi Archining tanasi qoramag‘iz bo‘lishidan xavotirlangan (bu aynan kim ekanligi noma’lum, ammo qirolicha Yelizaveta II yoki uning eri shahzoda Filipp emas). Bolaga shahzoda unvoni berilmagan. Britaniya OAV bu masalada izoh so‘rab, Meganni ta’qib qilgan, ammo qirollik oilasi uni jamoatchilik oldida tilini tiyib yurishga majbur qilgan. Megan o‘z joniga qasd qilish haqidagi xayollargacha borgan.

Megan va Garri qirollik oilasidan yordam so‘raganida, ular yordam bermagan. Juftlikning qirollik vakolatlaridan voz kechishi Garrining otasi shahzoda Charlz bilan ziddiyatga borishiga va akasi shahzoda Uilyamdan uzoqlashishiga sabab bo‘lgan. Qirollik oilasi Garri va Meganni moliyaviy ta’minlashni to‘xtatgan, shuning uchun ular Netflix va Spotify bilan shartnoma tuzgan. Ularning yozda tug‘iladigan ikkinchi farzandi qiz bo‘lishi kutilmoqda.

Intervyuga jamoatchilik qanday munosab bildirdi?

Britaniyalik tarixchi Robert Leysi Garri va Meganning intervyusini “baxtsiz oila haqida asl manbadan olingan hikoya” deb atadi. Qirollik oilasi biografi Penni Junor intervyuni qo‘l granatasiga o‘xshatdi, BBC muxbiri Jonni Daymond esa uni Britaniya monarxiyasiga pichoq urishga qiyosladi. CNN agentligi 1995-yilda malika Diana shahzoda Charlz bilan ajrashuvi haqida aytgan gaplaridan beri qirollik oilasi eng jiddiy inqirozga duch kelishini aytdi. Monarxiyani tugatish tarafdori bo‘lgan Republic harakati esa bu qirol Edvard VIII 1936-yilda Uollis Simpsonga uylanish uchun taxtdan voz kechganidan keyingi eng katta inqiroz bo‘ladi, deb hisoblamoqda. Intervyuni hatto Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova sharhlab, buni “sahna bezaklarining qulab tushishi” deb atadi.

Garri va Megan tomonidan ko‘tarilgan asosiy muammo G‘arb OAV tomonidan irqchilik deb hisoblanmoqda. Britaniya nashrlari Archining tanasi rangidan qirollik oilasi a’zolarining qaysi biri xavotirga tushganini ochiqlashni talab qildi va oila a’zolarining kamligi, demak gumonlanuvchilar ham unchalik ko‘p emasligini ta’kidladi: Garrining otasi shahzoda Charlz va uning rafiqasi Kamilla, shuningdek, Garrining akasi shahzoda Uilyam va uning rafiqasi Keyt Middlton. Shahzoda Charlzni allaqachon irqchilikda gumon qilishdi; uning tarjimayi holini yozuvchi Jonatan Dimblbi esa bunga ishonish qiyinligini aytdi.

Bukingem saroyi qanday munosabat bildirdi?

Intervyu e’lon qilinganidan bir yarim kun o‘tgach, Britaniya qirollik oilasi unga nisbatan bayonot e’lon qildi. “O‘tgan bir necha yil Garri va Megan uchun qanchalik og‘ir kechganini eshitib, butun oila ularga achindi. Ko‘tarilgan muammolar, ayniqsa, irqiy masalalar bizni tashvishga solmoqda. Ba’zi xotiralar aslidan farq qilishi mumkin bo‘lsa-da, ular o‘ta jiddiy qabul qilinadi va ularni qirollik oilasi alohida ko‘rib chiqadi”, — deyiladi bayonotda. Unda ta’kidlanishicha, shahzoda Garri, uning rafiqasi Megan va ularning o‘g‘li Archi “har doim qirollik oilasining sevimli a’zolari bo‘lib qoladi”.

Daily Mail nashrining yozishicha, saroydagilar intervyudan “hafsalasi pir bo‘lgan va dahshatga tushgan”, ammo murosali bayonot tayyorlagan. Biroq qirolicha uni imzolashdan oldin shahzoda Charlz va shahzoda Uilyam bilan birgalikda o‘ylab ko‘rish va muzokara olib borish uchun biroz vaqt kerakligini aytgan (ularning birinchisi umidsizlikka tushgan, ikkinchisi juda g‘azablangan, deb yozgan The Sun). Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson intervyuga izoh berishdan bosh tortdi.

Opra Uinfrining o‘zi qanday fikrda?

Opra Uinfri CBS telekanalidagi “This Morning” ko‘rsatuvida intervyudan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi. Xususan, teleboshlovchi nima uchun Garri va Megan intervyu berishga qaror qilgani haqida firk bildirdi: juftlikning fikricha, qirollik oilasi doim ular haqida yolg‘on xabar tarqatib kelgan va ular bundan charchagan. Ayni paytda amerikalik jurnalistlar Oprani professionalligi uchun maqtamoqda.

Kimlar juftlikning tarafini oldi?

Shahzoda Garriga do‘stona munosabatda bo‘ladigan AQSh prezidenti Jo Bayden shaxsiy qiyinchiliklar haqida ochiqchasiga gapirish uchun Garridagi singari jasorat kerakligini ta’kidladi. Sobiq davlat kotibi va AQSh prezidentligiga sobiq nomzod Hillari Klinton suhbatni “yurakni ezuvchi” deb atadi. Sasseks gersoginyasining do‘sti, tennischi Serena Uilyams “oldi-qochdi jurnalistika”ni qoralashga chaqirdi. Buyuk Britaniyaning Leyboristlar partiyasi deputati Keyt Grin irqchilik ayblovlari bo‘yicha tergov o‘tkazilishini talab qildi. Jo Baydenning inauguratsiyasida so‘zga chiqqan amerikalik shoira Amanda Gorman, shuningdek, britaniyalik ayollar huquqlari faoli Shola Mos-Shogbamima ham Megan Marklni qo‘llab-quvvatladi.

Intervyu kimlarning tanqidiga uchradi?

Megan Marklni anchadan beri tanqid qilib kelayotgan “Good Morning Britain” shousining boshlovchisi Pirs Morgan Marklning hatto ob-havo haqidagi so‘zlariga ham ishonmasligini aytdi. “Good Morning Britain”da intervyu muhokama qilinar ekan, Morganning sherigi uning Meganga bo‘lgan munosabatini “shaytonga xos” deb atagan payt boshlovchi g‘azablanib, studiyadan chiqib ketdi. Daily Mail gazetasi o‘z muqovasidan “Ular nima qilib qo‘ydi?” sarlavhasi ostida Garri va Meganning fotosuratini chiqardi. Nashrda aytilishicha, er-xotinning boyligi 45 million dollardan oshadi va ularning o‘g‘li Archiga tug‘ilgan paytida shahzoda unvoni berilmagan.

The Sun gazetasi Megan hech qachon Buyuk Britaniyaga qaytmasligi mumkin deb yozgan va “Megxile” ( inglizchada Meghan — Megan va exile — surgun so‘zlarining qisqartmasi) so‘zini ishlatgan. 400 dan ortiq ingliz OAV xodimlarini birlashtirgan Muharrirlar jamiyati OAVga nisbatan qo‘yilgan gersoginyaga tarafkashlik qilish haqidagi ayblovlarni rad etdi. Boris Jonson hukumati vaziri, Konservativ partiya a’zosi Zak Goldsmit Garriga “oilasini sharmanda qilgani” uchun tanbeh berdi va “Megan har doim xohlagan narsasini oladi”, deb qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Britaniya qirollik oilasining xizmatchilari shahzoda Garrining rafiqasi Megan Marklni tazyiq o‘tkazish va tahqirlashda ayblagan edi. Unga javoban Markl bunday “hujum”dan “xafa bo‘lganini” ma’lum qilgan.