IBM kompaniyasi o‘tgan 2020-yil davomida 73,1 milliard dollar daromad qildi, bu 2019-yildagiga nisbatan 5 foizga kam (agar valyuta kursining o‘zgarishi va boshqa omillarni hisobga olinsa 4 foiz). Shunga qaramay, Internet resurslari orqali olinadigan daromad o‘sdi va 25,1 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2019-yilga nisbatan 19 foizga ko‘pdir.Yil davomida sof foyda 5,5 milliard dollarni tashkil etdi va 2019-yilga nisbatan 42 foizga kamaydi. “Daryo” dunyodagi eng qimmat va eng mashhur brend kompaniyalarning top yettiligida bir necha o‘n yilliklardan beri mustahkam turuvchi IBM kompaniyasining tarixiga nazar tashlaydi.
IBM dunyodagi eng yirik kompyuter va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya yuz yildan oshiq vaqt davomida mavjud bo‘lib, ushbu davr mobaynida texnologik taraqqiyotning shakllanishida muhim rol o‘ynab keldi. Uning yordami bilan bizda magnit chiziqli kartalar, qattiq disklar va shaxsiy kompyuterlar mavjud.
International Business Machines (IBM) kompyuter uskunalarini yetkazib beruvchilar orasida dunyoda yetakchidir. Kompaniya asosan kompyuterlarning keng assortimentini, noutbukdan tortib to tarmoq serverlariga qadar ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, kompaniya butun dunyoga dasturiy ta’minot (Microsoft’dan keyin 2-o‘rinda) va tashqi qurilmalarni sotadi. Daromadining 35 foizi kompaniyaning har doim rivojlanib borayotgan va dunyodagi eng katta hisoblangan xizmat ko‘rsatish bo‘limidan oladi. Kompaniya sotuvlarining qariyb 60 foizini AQShdan tashqarida amalga oshiradi. Kompaniyaning jahon bozorida egallagan o‘rniga qarab “Moviy gigant” deb ham atashadi.
Kompaniyaga asos solinishi
IBM’ning kelib chiqishi birinchi elektron kompyuterlarning paydo bo‘lishidan taxminan 100 yil oldin 1896-yilga to‘g‘ri keladi. Taniqli muhandis va statistik mutaxassis German Xollerit hisob va analiz qiluvchi mashinalarni ishlab chiqarish bo‘yicha kompaniyaga asos soladi. Kompaniya tashkil qilinganida TMC (Tabulating Machine Company) deb nomlanar edi. Bu kompaniyani tashkil etishga nemis muhojirlarining avlodi, o‘zining ajdodlari bilan ochiqdan-ochiq faxrlanadigan janob Xolleritni o‘zining ishlab chiqarishidagi birinchi hisoblash mashinalarining muvaffaqiyati undadi.“Moviy gigant”ning bobosi ixtirosining mohiyati shundaki, u ma’lumotlarni raqamlar bilan kodlash imkonini beradigan elektr kalitni ishlab chiqdi. Bunday holda, ma’lumot tashuvchilar kartalar bo‘lib, ular teshiklari maxsus tartibda teshiladi va ishga tushirilgandan so‘ng kartalari mexanik ravishda saralanishi mumkin edi. 1889-yilda German Xollerit tomonidan patentlangan ushbu rivojlanish shov-shuvni keltirib chiqardi. Mazkur ixtiro 39 yoshli ixtirochiga 1890-yilgi aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rayotgan AQSh statistika vazirligiga o‘zining noyob mashinalarini yetkazib berish uchun buyurtma olish imkoniyatini berdi.
Muvaffaqiyat ko‘lami juda katta edi. To‘plangan ma’lumotlarni qayta ishlash uchun AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosining ma’lumotlarni saralashga atigi bir yil vaqt ketdi. 1880-yilgi aholini ro‘yxatga olish va ma’lumotlarni saralash sakkiz yillik ish vaqtini band etgan edi. Aynan o‘sha paytda hisoblash mexanizmlarining bunday muammolarni hal qilishdagi afzalligi amalda namoyon bo‘ldi va kelajakdagi raqamli texnologiyaning taqdirini oldindan belgilab berdi.
Topilgan mablag‘ va o‘rnatilgan aloqalar janob Xolleritga 1896-yilda TMC (Tabulating Machine Company) kompaniyasini yaratishda yordam berdi. Dastlab kompaniya tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishga urinib ko‘rdi, ammo 1900-yilgi aholini ro‘yxatga olish arafasida u AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosi uchun hisoblash va analitik mashinalarni ishlab chiqarish uchun qayta ishlab chiqildi. Ammo oradan uch yil o‘tgach davlat buyurtmalari to‘xtadi va German Xollerit o‘z ishlanmalarini tijoriy maqsadlarida qo‘llashga e’tibor qaratdi.
Garchi kompaniya tez o‘sish davrini boshdan kechirayotgan bo‘lsa-da, uning yaratuvchisining sog‘lig‘i tinimsiz ravishda yomonlashdi. Bu uni 1911-yilda millioner Charlz Flintning TMCni sotib olish taklifini qabul qilishga undadi. Kelishuv 2,3 million dollarga baholandi, shundan Xollerit 1,2 million dollar oldi. Aslida bu kelishuv oddiy aksiyalarni sotib yuborish haqida emas, balki TMC’ning ITRC (International Time Recording Company) va CSC (Computing Scale Corporation) kompaniyalari bilan birlashishini nazarda tutardi. Natijada CTR (Computing Tabulating Recording) korporatsiyasi tug‘ildi. U zamonaviy IBMning dastlabki andozasiga aylandi. Agar German Xolleritni ko‘pchilik “Moviy gigant” ning bobosi deb atasa, demak Charlz Flintni uning otasi deb biladi.
Janob Flint, shubhasiz, moliyaviy ijodkor bo‘lib, kuchli korporativ birlashmalarni tuzish qobiliyatiga ega edi. G‘ayritabiiy ravishda Charlz Flintning tashkilotchilik qobiliyatlari hukumat idoralarida yuqori baholangan va u har doim o‘rnini oddiy amaldorlar ochiq harakat qila olmaydigan yoki ularning ishi samarasiz bo‘lgan joyda topar edi. Xususan, u 1898-yildagi Ispaniya-Amerika urushi paytida dunyo bo‘ylab kemalarni sotib olish va ularni harbiy kemalarga aylantirish bo‘yicha maxfiy loyihada ishtirok etgan.
1911-yilda Charlz Flint tomonidan yaratilgan CTR korporatsiyasi juda ko‘p noyob uskunalarni ishlab chiqardi. Jumladan, vaqtni kuzatish tizimlari, tarozilar, avtomatik go‘sht kesgichlar va hokazo. Bu ixtirolar zamirida uskunalarni avtomatlashtirish ishlari yotadi.
IBM nomiga o‘tish
CTR tarixidagi navbatdagi muhim voqea, ismning International Business Machines yoki IBM’ga qisqartirilishi edi. Bu ikki bosqichda sodir bo‘ldi. Birinchidan, 1917-yilda kompaniya ushbu brend ostida Kanada bozoriga chiqdi. Aftidan, bu bilan u endi haqiqiy xalqaro korporatsiya ekanligini ta’kidlamoqchi edi. 1924-yilda CTR korporatsiyasi Amerikadagi bo‘limini ham IBM sifatida nomlay boshladi.Kompyuterlar asri
O‘tgan asrning ikkinchi yarmining boshlari zamonaviy dunyo uchun katta ahamiyatga ega edi. Bunga asosiy sabab birinchi raqamli kompyuterlar paydo bo‘la boshlagani edi. IBM ularni yaratishda faol ishtirok etdi. Amerikada yaratilgan dastlabki dasturlashtiriladigan kompyuter Mark I (to‘liq nomi Aiken-IBM Automatic Sequence Controlled Calculator Mark I) edi. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, u birinchi hisoblash mashinasini ixtiro qilgan Charlz Bebbijning g‘oyalariga asoslangan edi. IBM uning hisob-kitoblaridan foydalanib, ularni o‘sha davrdagi texnologiyalarga o‘tkazdi va Mark I dunyo yuzini ko‘rdi. U 1943-yilda qurilgan va bir yil o‘tgach rasman foydalanishga topshirilgan. Mark’larning tarixi uzoq davom etmadi. Hammasi bo‘lib to‘rtta modifikatsiya chiqarildi va ulardan oxirgisi – Mark IV 1952-yilda taqdim etildi.1950-yillarda IBM hukumatdan SAGE (Semi Automatic Ground Environment) tizimi uchun kompyuterlar ishlab chiqarish bo‘yicha yana bir muhim buyruq oldi. Bu dushmanning potensial bombardimonchilarini kuzatib borish va ushlash uchun mo‘ljallangan harbiy tizim edi. Ushbu loyiha IBM’ga Massachusets Texnologiya Institutidagi tadqiqotlarga kirish huquqini berdi. Keyinchalik bu tizim zamonaviy kompyuterlarning prototipi bo‘lib xizmat qiladigan birinchi kompyuterda ishladi.
IBM kompaniyasi SAGE loyihasi uchun 56 ta kompyuter yaratdi. Ularning har biri 50-yillarning narxlarida 30 million dollarga teng edi. Ularda kompaniyaning 7000 xodimi ishlagan, bu o‘sha paytda kompaniyaning barcha xodimlarining 20 foizini tashkil etgan. Katta foyda bilan bir qatorda, moviy gigant harbiy ishlanmalarga kirish bilan bir qatorda bebaho tajriba orttirishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik, bularning barchasi keyingi avlodlarning kompyuterlarini yaratishda qo‘llanildi.
Shaxsiy kompyuterlar davri
1980-yillarga qadar IBM yirik buyurtmalar bo‘yicha juda faol edi. Ular bir necha marta hukumat tomonidan, bir necha bor harbiylar tomonidan qilingan. U o‘zining asosiy kompyuterlarini odatda ta’lim va ilmiy muassasalarga, shuningdek yirik korporatsiyalarga yetkazib berdi.Moviy gigant ishlanmalariga aholining ehtiyoji katta edi. Ammo juda qimmatligi tufayli buni amalga oshirish mushkul edi. Bu ishni Apple kompaniyasi amalga oshirdi va hamma foydalana oladigan shaxsiy kompyuterni o‘ylab topdi. Ushbu g‘oyani o‘sha davrning yirik IT gigant ishlab chiqaruvchisi Hewlett-Packard ham qo‘llab-quvvatlamagan. Keyinchalik bundan juda qattiq afsuslangan.
1990-yillarning o‘rtalarida boshlangan kompaniyaning yo‘nalishi o‘zgarishi hozirgi o‘n yil ichida eng yuqori darajaga yetdi. IBM endi konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, ularni litsenziyalash uchun yangi texnologiyalarni yaratish va dasturiy ta’minotni ishlab chiqarishga e’tiborini qaratishda davom etdi. Qayta tashkil etishning yakuniy bosqichi 2002-2004-yillarda bo‘lib o‘tdi. 2002-yilda IBM Pricewaterhouse Coopers konsalting kompaniyasini sotib oldi va shu bilan birga qattiq disk bo‘limini Hitachi’ga sotdi. Shunday qilib, “moviy gigant” o‘zi yarim asr oldin ixtiro qilgan qattiq disklarni ishlab chiqarishdan voz kechdi.
IBM hali superkompyuterlar va dasturlash biznesidan ketmoqchi emas. Kompaniya Top 50 reytingida birinchi o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradi va buni juda yuqori muvaffaqiyat bilan amalga oshirmoqda. IBM tarixi – bu butun kompyuter sanoatining tarixi. Ko‘p odamlar hali ham “kompyuter” so‘zini IBM so‘zi bilan bog‘lashadi. Shuningdek, kompaniyaning yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etish, xodimlarni rag‘batlantirish va global miqyosda butunlay yangi bozorni rivojlantirish sohasidagi salmoqli ishlarini unutmasligimiz kerak.
Abdulaziz Akramov tayyorladi.
Izoh (0)