O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 5-mart, juma kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari etib tayinlangan, elchi Sharlotta Adrianni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Elchi vazirga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi.

Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbarini mazkur tayinlov bilan tabrikladi, unga O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashda muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar jarayonini ijobiy baholadi.

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston—Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi, Yevropa Ittifoqi—Markaziy Osiyo siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotining navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali, kun tartibi va tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonga GSP+ maqomi 2021-yil mart oyining oxiriga qadar berilishiga umid bildirildi, bu esa O‘zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirishga yordam beradi.

YeI bilan ta’lim sohasida, xususan, yangi Erasmus dasturi orqali yaqin hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi.

Uchrashuvda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan avval Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi sanasiga aniqlik kiritilgani, O‘zbekiston va Rossiya TIV rahbarlari Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlikni muhokama qilgani hamda Abdulaziz Komilov Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashib, unga Shavkat Mirziyoyev maktubini topshirgani haqida xabar qilingandi.