Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2-mart kuni o‘tkazilgan “Hukumat soati”da O‘zbekistondagi OTMlar talabalarini turar joy bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar va rejalar muhokama qilindi.

“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ayrim talabalar turar joylaridagi sharoitlar haqida gapirarkan, o‘zi ham bir kecha talaba bilan tunaganini gapirdi.

Foto: “Daryo”

“Ba’zi oliy o‘quv yurtlaridagi yotoqxonalarning sharoiti yaxshi emasligiga sabab shuki, shaxsan rektorning e’tiborsizligi, oliy ta’lim muassasasi rahbarining o‘sha yotoqxonaga kirmasligidir, boshqa sabab yo‘q.

Har qanday OTM sharoit yaratish uchun pul topa oladi. Chunki talabalar turar joyida yashayotgan talaba muassasa hisob-kitobidan kelib chiqib, oz bo‘lsa-da, pul to‘laydi. 50 ming so‘m to‘laydi, 80 ming so‘m to‘laydi... baribir oyiga to‘laydi. Bu arzimas pul, lekin o‘sha pulni o‘ziga sarflasa ham, barcha jihozini tayyor qilib qo‘ysa bo‘ladi. Chunki elektr energiyasi va boshqa xarajatlar asosiy hisobdan to‘lanadi.

Men bir talabalar turar joyiga borib, bir kecha yotdim. Bir talaba bilan uning xonasida tunni tongga ulab suhbat qilib chiqdik va undan butun sir-asrorni so‘rab oldim. Uning ovqatidan yedim, o‘zim ham nimadir olib keltirdim. Yashash sharoiti, sanuzellar holati bilan tanishdim... bir dunyo muammo. Talaba 40 foiz darslardan norozi. Jami o‘qituvchilardan 40 foizining berayotgan bilimidan norozi. U qaysi oliy o‘quv yurti ekanligini aytmayman. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin bo‘lishi mumkin.

Nega yotoqxonada avtomat kir yuvish mashinalari turmasligi kerak? Nega qizlarimiz shundan foydalanmasligi kerak?! Hamma narsa nomiga qilib qo‘yilgan, qizlar tashqarida kir yuvadi, tashqarida kir yoyadi, bunga hech qancha xarajat ketmaydi, bunga e’tibor kerak, xolos. Bunga shaxsan rektor javobgar hisoblanadi”, — dedi vazir.