Ispaniya haqida gap ketganda, eng avvalo, xayolimizga Migel de Servantes, Lope de Vega, Fransisko de Kevedo va albatta, Ernest Hemingueyning asarlaridan tortib, ularning achchiq hamda shirin xotiralaridan to ispanlarning qiziq va shu bilan birga o‘ziga xos intrigalarga boy tarixi keladi. “Daryo” ana shunday voqealardan biri general Fransisko Frankoning jangsiz Madridni egallashi va buning ortidan Ispaniya hayotida yuz bergan siyosiy voqealar haqida hikoya qiladi.

1930-yillardagi Madrid qiyofasi

Amerikalik taniqli yozuvchi Ernest Heminguey o‘z xotiralarida Ispaniyadagi yuzaga kelgan vaziyatni eslab “gazetalarni o‘qirkanman, yuragimni Madrid va Ispaniyadagi voqealarning iztirobi chulg‘ab oldi”, deya yozgandi. Heminguey, hattoki, ming dollar qarz olib, bu pulni diktatura rejimiga qarshi kurashayotgan askarlarning yaralangan do‘stlari uchun tibbiy dori-darmonlar uchun xarj qilinishiga ham hissa qo‘shadi.

Gernika.

Foto: Google Images

XX asrning 30-yillaridagi Madrid hayot sanoatlashishining markazi edi. 1931-yilda qabul qilingan konstitutsiyaga muvofiq, Madrid ispan monarxiyasining rasmiy poytaxti deb e’lon qilinadi. 30-yillar Madridning jo‘shqin siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan davri bo‘ldi. Mamlakatda “art-nuvo” uslubidagi arxitekturaviy inshootlar qurish boshlandi. Telegraf, bank, sug‘urta sohalari shiddat bilan rivojlandi. Bu davr ispan madaniyatida kumush davr sifatida fanga kirdi. Ammo rivojlanish shiddatli bo‘lsa-da, aholining aksari savodsizligicha qolardi. Madrid aholisining keskin o‘sishi oqibatida Madridda qashshoqlik darajasi ham muttasil o‘sib borardi. Bu esa shahar aholisida tengsizlikni kuchaytirdi, ularning orasida o‘z huquqlari uchun kurashga otlangan va butun Ispaniyada tartibning o‘zgarishi hamda islohotlarning amalga oshirilishidan umid qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil qilardi. Bu esa mamlakatdagi vaziyat qaltisligidan va tez orada inqilob bo‘lishidan darak berardi.

Inqilobning boshlanishi

Mamlakat XIX asrdan beri islohotlarni kutayotgan demokratik kuchlar va eskicha boshqaruv tizimi tarafdorlari o‘rtasida kechayotgan kurash maydoniga aylandi. 1931-yilda monarxiyaning qulashi ortidan Ikkinchi Ispaniya Respublikasi tashkil topadi. Ijtimoiy vaziyatning og‘irlashuvi 1930-yillardagi depressiyani keltirib chiqaradi. O‘ng siyosiy kuchlar fashizm bayrog‘i ostida birlashadi va Ispan falangasi tashkilotini tuzadi. Basklar va kataloniyaliklar mavjud vaziyatdan foydalangan holda mustaqillik uchun kurash boshladi. Mamlakatdagi sotsialistlar va liberallar tobora radikallashib bordi. Mamlakatdagi anarxistlar esa vaziyat yuzaga kelganini payqagan holda qo‘zg‘alon uyushtiradi. Liberal kuchlar mamlakatning qutblanishi oldida ojiz qoladi va biror-bir siyosiy islohot o‘tkaza olmaydi.

Foto: Google Photos

Boshqa tarafdan Ispaniyadagi vaziyat 1919-yilda Versal shartnomasini imzolagan Buyuk Britaniya, Fransiya va Sovet Ittifoqi, Germaniya hamda Italiya o‘rtasida yuzaga kelgan qarama-qarshilikning iskanjasiga tushadi. Sovet Ittifoqi Germaniyadan kelayotgan tahdidni tushungan holda Fransiya bilan yaqin aloqada bo‘lishga intiladi, Germaniya esa Italiya hukumatini o‘zining ittifoqchisiga aylantiradi. Bu esa fashizm g‘oyasining “qizil mafkura”ga qarshi harakatini butun dunyoga yoyishiga yordam berishi lozim edi.

1936-yil 16-fevraldagi saylovlar natijasida Ispaniya parlamenti — Kortesda sotsialistlar, kommunistlar va bask hamda katalon millatchilarini birlashtirgan Ispaniya sotsialist ishchi partiyasi g‘alaba qozonadi. Manuel Asanya mamlakat prezidenti bo‘ladi. Bu esa qarama-qarshi taraflarning adovatini yanada kuchaytirib yubordi. Milliy frontning saylovdagi g‘alabasidan keyin konservativ udumlar tarafdori bo‘lgan harbiylar to‘ntarishga tayyorlana boshladi. Fitnaning boshida rasmiy jihatdan portugaliyalik general Xose Sanxuro turgan bo‘lsa-da, inqilobga bosh qo‘shgan asosiy figuralar Emilio Mola va Fransisko Franko bo‘ldi.

Isyonga qarshi inqilob

1936-yilning 16-iyul sanasida general Mola ko‘rsatmasiga binoan barcha tarafdorlarga isyon ko‘tarish xabari berildi. Isyon kutilmaganda va to‘satdan boshlanishi, barcha hududlarda bir vaqtda boshlanishiga alohida urg‘u berildi. 17-iyul sanasida ispanlar nazoratidagi Marokashda qurolli isyon boshlandi. Oradan bir kun o‘tib bu isyon butun Ispaniya hududiga yoyildi.

Ispaniya bosh vaziri bu vaziyatda nima qilishini bilmay iste’fo berdi. Liberallardan bo‘lgan Xose Xiral barcha aholini qurol bilan ta’minlash haqida buyruq beradi. Bu esa katta xato edi. Madrid va Barselona qurolli isyonga qarshi kurashning o‘chog‘iga aylanadi. Ispaniyadagi fuqarolar urushi davrida Sovet Ittifoqining 4 ming ko‘ngilli askari, Germaniya va Italiyaning 200 mingga yaqin askari ishtirok etdi. Madridliklar diktatura tarafdorlarining qarshiligini sindirish uchun Gvadalaxara tarafga qo‘shin yuboradi. Ammo isyonchilarning himoyachisi va yetakchisi Xose Sanxuro 1936-yil aviaholakatda vafot etadi. Shunda general Franko qaltis vaziyatni o‘z foydasiga hal qilish uchun Adolf Gitler Germaniyasiga murojaat qiladi. Gitler va Benito Mussolini hukumati Ispaniyadagi general Frankoning qo‘shinlari yurishini himoya qilishga keladi. Bu Frankoning muvaffaqiyatini ta’minlaydi va uni 1936-yilda Ispaniya hokimi martabasiga keltiradi. Franko oldidagi eng asosiy vazifa esa Madridning olinishi edi.

Fransiya, Sovet Ittifoqi, Germaniya va Italiya hukumatlari Ispaniyada yuzaga kelgan vaziyatga aralashmaslik haqida shartnoma imzolagan bo‘lsa-da, Germaniya hukumati Ispaniyadagi tarafdorlariga harbiy texnika yetkazib berish borasida amaliy yordam ko‘rsatadi. Bu esa kelishilgan bitimni buzish edi. Sovet Ittifoqi ham chetda qolmasdan Ispaniyadagi demokratik kuchlarni quvvatlashga o‘z harbiy garnizonlarini, uchoqlarini yuborishga qaror qiladi. Bir-biridan yashirincha ish olib boradigan ittifoqchilar orasidagi jang ham boshlanishiga yaqin qolgandi. O‘sha kezlarda Madridda bo‘lgan Heminguey poytaxtdagi “Florida” mehmonxonasida istiqomat qilar va Ispaniyada respublikachilarning g‘alaba qilishiga ko‘z tikkandi.

Foto: Google Photos

Madridning ishg‘ol qilinishi

Mashhur ispan rassomi Pablo Pikasso ham frankochilarning fashizm bilan aloqaga kirishganidan mamlakatning kelajagi yaqin kelajakda qonli tarix bilan yozilishini anglardi. Germaniya taqdim qilgan qiruvchi uchoqlar ispan shaharlarini havo hujumiga tutayotgan bir davrda Pablo Pikasso o‘zining eng mashhur asari “Gernika”ni yaratadi. Asarda diktatura va fashizm xalqlarni qanday yakson qilganligi tasvirlanadi. Asar dastlab omma tarafidan yaxshi kutib olinmagan bo‘lsa-da, kubizm yo‘nalishiga mansub bu asar keyinroq ommani ilhomlantirgan hamda Ispaniyadagi qonli mojarolarning asl mohiyatini ifodalashi asarni mashhur qilib yubordi.

Bu paytda ispan diktaturasi tarafdorlari Madrid taraf ot surardi. Mamlakatdagi demokratik kuchlar tarafdorlari matonat bilan frankochilarga qarshi kurash olib borsa-da, bu safar omad Fransisko Franko tarafida edi. Aynan shu paytda “beshinchi kolonna” degan ibora jamoatchilikning nutqiga kirib keladi. Bu ibora general Frankoning josuslik xizmatiga borib taqalib, hozirda mavjud siyosatga qarshi bo‘lgan ichki dushmanlarga qaratilgan ibora sifatida qo‘llanilmoqda. “Beshinchi kolonna” yordami o‘z vazifasini o‘tab, 15-oktabr sanasida diktator Franko tarafdorlari nemis va italyan qo‘shini yordamida Madrid mudofaasini yorib o‘tadi. Madridning ishg‘ol qilinishi respublikachilar uchun katta zarba bo‘ladi. Natijada, shu tariqa Ispaniyada general Frankoning 1975-yilga qadar davom etgan diktaturasi o‘rnatiladi.

Ispaniyada demokratik va fashistik tuzumning kurashi oxir-oqibatda Frankoning g‘alabasi bilan yakunlanadi. Natijada, respublikachilar Frankoning millatchiligi oldida ojizlanadi. Xalqaro hamjamiyat esa Ispaniyada Fransisko Frankoning hukumat tepasiga kelganini rasmiy ravishda e’tirof etishdan boshqa chorasi qolmaganlini ta’n olishga majbur bo‘ladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.