Samarqand viloyatining Payariq tumaniga yog‘gan qalin qor avtomobillar harakatida turli qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Qor bosgan yo‘l videosi Telegram’dagi “Samarqandliklar” kanalida e’lon qilingan.

“Aytishlaricha Payariqda qariyb 1 metr qor yog‘ibdi. Yo‘llar ko‘milib qolgani uchun mashinalar harakatlana olmay qolgan”, — deyiladi video ostidagi izohda.

Videodan ko‘rish mumkinki, aksari Nexia modelidagi avtomobillar yo‘lning ma’lum bir qismida tirbandlikka duch kelgan. “Faqat shu yerdan o‘tish muammo”,  — deydi haydovchilardan biri.

Eslatib o‘tamiz, 23—26-fevral kunlari O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi orqali Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi. 25—26-fevral kunlari harorat kechalari 7-12 daraja, kunduz kunlari esa 2-7 daraja sovuq bo‘lishi ma’lum qilingandi. Mamlakatning ayrim hududlarida 24-fevral kuni qor yog‘di.