Favqulodda vaziyatlar vazirligi havo haroratining keskin pasayishi va kuchli qor yog‘ishi natijasida yo‘llarda muzlamalar hosil bo‘layotgani sabab Qamchiq dovoni yuk mashinalari uchun yopilganini ma’lum qildi.

Foto: “Pv.uz”

“Dovonda ayni payt havo harorati -12 gradusni tashkil etmoqda. Hozircha yengil avtomobillar harakatlanmoqda. Qor yog‘ishi kuchayib, yo‘llarda harakatlanish xavf tug‘dira boshlasa, Qamchiq to‘liq yopilishi ham mumkin”, — deyiladi xabarda.

Vazirlik tomonidan e’lon qilingan videoda “Qamchiq” maxsus-qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i fuqarolardan zarurat bo‘lmasa dovon orqali harakatlanmaslikni so‘ragan.

Avvalroq Qamchiq dovonida 30 daqiqa oralig‘ida ikki mashina xandaqqa tushib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.