Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi dovon qor yog‘ishi sabab yopildi, deya xabar bermoqda YHXBB.

Foto: IIV YXHBB

Qayd etilishicha, ob-havo o‘zgarib, qor yog‘ishda davom etayotganligi sababli turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Taxtaqoracha dovonida avtotransport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatildi.

Ma’lumot uchun, bundan bir oy avval, ya’ni 22-yanvar kuni ham ushbu dovonda harakat kuchli qor yog‘ishi sabab to‘xtatilgan edi. Dovon oradan bir kun o‘tib, 23-yanvar kuni qayta ochilgan.

Eslatib o‘tamiz, 23—26-fevral kunlari O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi orqali Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi. 25—26-fevral kunlari harorat kechalari 7-12 daraja, kunduz kunlari esa 2-7 daraja sovuq bo‘lishi ma’lum qilingandi.

Mamlakatning ayrim hududlarida 24-fevral kuni qor yog‘di. “O‘zgidromet” 25-fevral kuni Respublikaning tog‘li hududlarida havo o‘zgarib, qor yog‘ishini ma’lum qilgan.