Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekiston xalqi hokimlarni saylashga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi “Yangiyo‘lliklar TV” loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Kim aytdi tayyor emas deb?.. O‘ylashimcha, hokimlar saylovlar orqali saylanishga tayyor emas. Ularning o‘zi tayyor emas. Qo‘rqishadi. Saylovlar bo‘lsa o‘ta olmasam kerak, menga kim ovoz beradi, deb. Bilasizmi, ishonch yo‘qolgan. Aslini olganda, xalq tayyor emas, degan odamning o‘zi qo‘rqadi. Ehtimol, uning o‘zi tayyor emasdir”, — deydi Kusherbayev.

Deputatning ta’kidlashicha, O‘zbekiston aholisi o‘z fikrini bildirishga yetarli darajada qodir va savodli.

“Xalq qanday qilib tayyor bo‘lmasligi mumkin? Qanday qilib odamlarning fikri bo‘lmaydi? Ular o‘qimaganmi? Yoki ‘jungli’dan chiqqan va hech nimani bilmaydimi? Kechirasiz, xalqimiz o‘qish-yozishni, o‘z fikrini ifoda etishni biladi… Odam qachon tayyor bo‘lmaydi? Qachongi ‘jungli’da hayvonlar ichida yashagan bo‘lsa va saylovlar nimaligini bilmasa. Odamlar tayyor emas degan gapga qo‘shilmayman”, — deydi u.

Deputatning hisoblashicha, hokimlarni saylashga “bunga ruxsat beradiganlar tayyor emas”.

“Ularda xalq o‘zlari xohlagan insonni saylamasliklari mumkin degan qo‘rquv bor”, — deya ta’kidlaydi deputat.

Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, mahalla raislarini saylashda hokimlar biror-bir nomzodga ta’sir ko‘rsatishi mumkin (qonun bo‘yicha rais lavozimiga nomzodni saylashga hokimlar bilan kelishib olinadi).

“Ikki-uchta nomzod ilgari suriladigan bo‘lsa, ba’zida hokimlar ayrimlarini chiqarib tashlaydi: Ertaga u meni jonimga tegadi, deb… Deputatlarni saylash vaqtida ham shu kabi bir nechta holatlarning guvohi bo‘ldim. Masalan, odamlar ko‘plab deputatlarni boshqalar ta’sirisiz o‘zlari saylagan. Ammo o‘zgalar xohishiga ko‘ra o‘tganlar ham bor”, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlarni saylash haqida birinchi bor 2016-yilning dekabrida aytgan edi. 2017-yilning avgustida u hokimlarni xalq tomonidan saylanishiga oid tizimni “hozirning o‘zida” joriy etishga tayyorligini bildirgandi. 2020-yilning sentabrida davlat rahbari yana bir bor “hokimlarni xalq saylashi kerak”ligini ta’kidlagan edi.

Hozirda viloyatlar va Toshkent shahri hokimi tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan ma’qullanganidan keyin Prezident tomonidan saylanadi yoki lavozimidan ozod etiladi.