O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 23-fevral kuni Afg‘onistonga amaliy tashrif bilan boradi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”

Bo‘lajak uchrashuvlar va muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston—Afg‘oniston munosabatlarining hozirgi holati va kelgusida rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Mintaqalararo savdo aylanmasini oshirish, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan qo‘shma transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashiladi.

Avvalroq Abdulaziz Komilov Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashib, unga Shavkat Mirziyoyevning maktubini topshirgani, Qozog‘iston tomoni 2021-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilingani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Turkmaniston va Tojikiston rahbarlari ham Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ushbu xalqaro konferensiyaga taklif etilgan.

Konferensiya 2021-yil 20—21-may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.