Facebook AQSh huquq-tartibot organlariga Kapitoliyga uyushtirilgan hujum ishtirokchilarining shaxsini aniqlashda yordam berdi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Tramp tarafdorlari Kapitoliy devoriga tirmashib chiqmoqda.

Foto: Reuters

Kompaniyaning tartibga solish bo‘limi rahbari Monika Bikert so‘zlariga ko‘ra, Facebook korporatsiyasi shturm tugaganidan keyin tergovchilarga yordam bergan.

Kompaniya xodimlari tartibsizlik ishtirokchilari tarmoqqa joylagan fotosuratlarni tahlil qilib chiqdi. Lekin bu jarayonda shaxsni aniqlovchi dasturiy ta’minotdan foydalanilmadi.

Shuningdek, Facebook AQSh hukumatining ma’lumot so‘rab qilgan talablarini bajardi va yangi norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqiruvchi xabarlarni o‘chirib tashladi.

Hujumdan keyingi bir necha kun ichida, kompaniyaning operatsion direktori Sheril Sandbergning aytishicha, tartibsizliklar asosan boshqa ijtimoiy tarmoq platformalarida rejalashtirilgan. Lekin ko‘p o‘tmay, jurnalistlar Facebook va Instagram voqealar haqidagi ma’lumotlarni muvofiqlashtirish va tarqatishning asosiy vositasi bo‘lganini isbotlovchi dalillarni topdi.

Ma’lumot uchun, 3-noyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Demokratik partiyadan nomzod Jo Bayden g‘alaba qozongan edi, lekin respublikachi Tramp saylov natijalarini tan olishdan bosh tortgan.

6-yanvar kuni Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar tomonidan tashkil etilgan “Amerikani qutqarish marshi” nomli norozilik namoyishi ishtirokchilari poytaxt Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirdi.