Buxoro shahridagi Islom Karimov ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uyda 4-fevral kuni yuz bergan portlashda 12 kishi jarohatlangani, voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. “Xalq so‘zi online” Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida yotgan baxtsiz hodisadan jabr ko‘rganlar bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”

Mazkur filial direktori o‘rinbosari Qahramon Karimovning ma’lum qilishicha,  ushbu voqea oqibatida jabrlangan 12 nafar fuqaro shifoxonaga zudlik bilan olib kelinib, ularga zarur muolajalar ko‘rsatilgan. Jabrlanganlarning besh nafariga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan bo‘lib,  ular o‘rta og‘ir ahvolda. Ikki nafari umumiy reanimatsiya bo‘limida yotibdi. Birining ahvoli og‘irroq.

“U portlash joyida bo‘lgan. Yuz – ko‘zlari 35 foiz kuygan. Bugun ertalabga kelib ahvoli ancha yaxshilandi. Bemalol gaplasha oladi. Yana biri ko‘krak qafasining shikastlanishi bilan yotibdi. Ahvoli yaxshi. Bugun-erta uyiga javob beramiz. Besh nafar fuqaro esa ‘situatsion nevroz’ ya’ni qo‘rquv holatiga tushgan. Zarur tibbiy yordam ko‘rsatib,ularga ambulator holatda uylariga javob berdik. Reanimatsiyada yotgan besh bemorning ikki nafari ham oilasi bag‘riga qaytmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli. Besh nafari esa davolanishda davom etmoqda. Ular ham o‘rta og‘ir ahvolda.

Biroq xavotirga hojat yo‘q. Zarur muolajalardan so‘ng bu bemorlarimiz ham sog‘ayib, xuddi ko‘rmagandek bo‘lib ketishadi”, — degan shifokor.

“Ko‘p qavatli uyda portlash ro‘y bergan pallada biz shaxsiy avtomashinamizda ketayotgandik. Rulda turmush o‘rtog‘im edi. U kishiga ziyon yetmadi. Ammo mashinamiz oynalari chil-parchin bo‘lib ketdi. Shisha qo‘limni kesib yubordi. O‘zim ham qo‘rqib ketdim. Shifokorlarga rahmat. Qo‘llaridan kelgan yordamni berishyapti”,— degan bemorlardan biri Shahlo Idiyeva.

Uning aytishicha, avtomashinalarining yo‘lovchi avtobus yon tomonida ekanligi naf bergan. Zarba kuchi biroz susaygan. Avtobusda esa korxona ishchilari bo‘lgan.

“Nima ro‘y berganini sezmay ham qoldik. Xayriyatki, dunyoda yaxshi insonlar, shifokorlar bor. Korxonamiz rahbarlariga ham rahmat. Ular hol-ahvolimizdan xabar olib turishibdi”, — degan o‘zini Mohinur Mahmudova deb tanishtirgan korxona ishchisi.

Ijtimoiy tarmoqlarda portlash ro‘y bergan ko‘p qavatli uyga hali odamlar ko‘chib kelishmagani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandi. Ammo haqiqatda uyda 2020-yilning oktabr oyidan buyon yashab kelayotgan oilalar borligi ma’lum bo‘ldi.

Ulardan biri Bibirajab Sobirova bo‘lib, ikki farzandning onasi bo‘lgan bu ayol binoning 8-qavatidagi ikki xonali uyda istiqomat qilgan.

“Ishdan qaytayotib, singlimning ikki yoshli bolasini bog‘chadan olgandim, yonimda qizim ham bor edi. Gaz keldi, deyishganini eshitib, baliq qovurmoqchi bo‘ldim. Qovurganim zahoti nima ro‘y berganini anglay olmay qoldim. U yog‘i nima bo‘lganini bilmayman. Tashqariga chiqib, ustalarga qarab baqirganimni eslay olaman, xolos. Tez tibbiy yordamda meni shu shifoxonaga olib kelishibdi. Qizim sog‘-salomat. Singlimning bolasini so‘rasam, ‘Uni onasiga topshirdim dedi’ ”, — degan ayol.

Shuningdek, bu uy uchun uning egasiga 147 million so‘m to‘lagani, yana 23 million so‘m qarzi borligini bildirgan.

“Remontiga pul sarflaganman. O‘tgan yilning oktabrida shu uyga ko‘chib o‘tganmiz. Uy egasi ‘Ko‘pi bilan bir oyda hamma sharoitni qilib beraman’, degandi. Ammo uch oyni gazsiz o‘tkazdik. Qishning sovuq kunlarida o‘zimdan nima o‘tganini o‘zim bilaman. Endi uyimiz nima bo‘ladi? Ana shuni o‘ylab, o‘yimga yetolmayapman”, — degan ayol.

Eslatib o‘tamiz, portlash 4-fevral kuni soat 17:30 da Buxoro shahar Islom Karimov ko‘chasida joylashgan White Group Trading MChJ tomonidan qurilgan 8 qavatdan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uyning 3-qavatida tabiiy gazni ulash jarayonida gazning quvurdan sizib chiqishi oqibatida yuz bergandi. Portlash vaqtida bino ichida 10 nafar quruvchi va 3 nafar gaz payvandlovchi usta bo‘lgan.

Ushbu ko‘p qavatli uyda tabiiy gaz bo‘yicha sinovlar tegishli idoralar ruxsatisiz amalga oshirilgan.