Finlyandiyada 3-fevraldan boshlab butunlay bepul foydalanish mumkin bo‘lgan taksilar ish boshlaydi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
Bu turdagi taksilar poytaxt, shuningdek, Oulu va Rovaniemi hududlarida faoliyat olib boradi. Xizmat haqqi uchun mijozlardan pul o‘rniga taksi xizmatining sifati va taksi haydovchilarining madaniyatini oshirish borasida taklif so‘raladi.
“Umid qilamizki, odamlar o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi va xizmatimizni yaxshilash uchun aniq takliflar beradi. Biz aytilgan har qanday fikr va sharhdan minnatdor bo‘lamiz”, — deydi Finlyandiya Taksomotor jamiyati vakili Katya Saksa.
Maxsus taksilarga faqat telefon orqali buyurtma berish mumkin. Mijozlarning barcha takliflari rasmiylashtiriladi va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadi. Bu loyihada Taksomotor jamiyati va Lähitaksi, Taksi Helsinki hamda Otaxi firmalari ishtirok etmoqda.
“Qonunchilikda ikki yil oldin ro‘y bergan o‘zgarish finnlarning taksi xizmatiga bo‘lgan ishonchini tushirib yubordi, shunday bo‘lsa-da, bu sohada faoliyat yuritayotgan ko‘plab tadbirkorlar mijozga sifatli xizmat ko‘rsatishni xohlaydi. Shuning uchun qandaydir stereotiplarni chetlab o‘tib yo‘qolgan ishonchni qayta tiklash yo‘lini topish biz uchun muhim”, — deb qo‘shimcha qildi Saksa.
Izoh (0)