Koronavirusga qarshi vaksina qabul qilingandan so‘ng inson organizmida gripp simptomlariga o‘xshash alomatlar kuzatilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining shtatdan tashqari terapevti, Terapiya va profilaktik tibbiyot milliy tadqiqot markazi direktori Oksana Drapkinaga tayanib “RBK” xabar berdi.
“Holsizlik, og‘riqlar, uyquga moyillik, uyquchanlik, qisqa vaqtga harorat ko‘tarilishi kuzatilishi mumkin. Haroratga sovuqsirash holati hamrohlik qilishi mumkin”, — dedi u.
Drapkinaning ta’kidlashicha, vaksinatsiyadan keyin tana harorati kamdan kam holatda 38 darajadan ko‘tarilib ketishi mumkin. Bunday vaziyatda mutaxassis bermorlarga dori ichishni maslahat berdi. “Agar harorat 38 dan oshsa yoki undan past bo‘lganda ham jarayon og‘ir kechsa, bir dona paratsetamol tabletkasini qabul qilish kerak”, — dedi Drapkina.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vaksinaning aks ta’siri emlangandan keyin bir kun davomida yuzaga chiqishi mumkin. Terapevt bunday vaziyatda bemorlarni vahimaga tushmaslikka va “qayergadir yordam so‘rab bormaslikka” chaqirdi.
Avvalroq grippga qarshi vaksina koronavirusdan himoya qilmasligi, Rossiyaning Kemerovo viloyatida “Sputnik V” vaksinasi bilan emlangan shifokor koronavirusga chalingani, rossiyalik shifokor COVID-19 bemorlari ahvolini yomonlashtiradigan kasalliklarni ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi.