AQShda 2020-yili qotilliklar soni 2019-yilga nisbatan 30 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, o‘qotar qurol bilan hujum qilish va jiddiy zo‘ravonliklar soni mos ravishda 8 va 6 foizga oshgan. Bu haqda “Kommersant” xabar qildi.
Bunday ma’lumotlar COVID-19 va jinoiy sud ishlari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan “Pandemiya, tartibsizlik, Amerika shaharlaridagi jinoyatchilik va zo‘ravonlik” hisobotida keltirilgan.
“2020-yilning har oyidagi qotilliklar soni 2019-yildagidan oshib ketdi”, – deyiladi hisobotda.
Amerikaning 34 shahridagi vaziyat tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2020-yili qotilliklar 2019-yilga nisbatan 1268 taga ko‘proq bo‘lgan. O‘sishning katta qismi Nyu-York, Los-Anjeles va Chikagoda kuzatilgan. Masalan, 2020-yili Chikagoda 748 kishi o‘ldirilgan, bu 2019-yilga nisbatan 56 foizga ko‘pdir.
Ta’kidlanishicha, baribir bu ko‘rsatkich tarixiy rekordni yangilay olmagan. 2020-yilda ushbu 34 ta shahar 100 000 kishiga 11,4 qotillik to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 1995-yilda 100 000 kishiga 19,4 ta qotillik to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, hisobot mualliflari ayrim turdagi jinoyatlar aksincha, kamayganligini ta’kidlamoqdalar. Masalan, giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar, o‘g‘irliklar, noturar joylarni tunash, mulkni o‘marish holatlari nisbatan kam kuzatilgan. Mutaxassislarning fikricha, pandemiyada aholi uyda o‘tirishga ko‘proq moyil bo‘lgani va bir-biri bilan kamroq muloqot qilgani bunga sabab bo‘lgan.
Avvalroq AQSh federal hukumati 68 yil ichida birinchi marta ayol kishini qatl etgani hamda AQShda afroamerikalik Jorf Floydni o‘ldirib qo‘ygan politsiyachi 1 mln dollar garov puli evaziga qamoqdan chiqqani haqida xabar berilgandi.