Koronavirusga qarshi emlangan Qozog‘iston aholisiga ichida shaxsning immun holati ma’lumotlarini jamlagan QR kodlar beriladi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soyga tayanib, Tengrinews xabar berdi.
Vazir hukumat majlisida individual immun holati ma’lumotlarini ko‘rsatuvchi QR kodlar EgovMobile mobil dasturida mavjud bo‘lishini aytdi. Bu dastur “Ashik” tibbiy dasturi bilan integratsiya qilinadi.
“QR kod tekshiruvida taqdim etilishi uchun unda tibbiy ma’lumotlar tizimidan fuqarolarning ma'lumotlari, shu bilan birga, koronavirusga qarshi vaksinatsiya olgani haqida xabarlar to‘planadi”, — dedi Soy bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.
Sog‘liqni saqlash vazirining qo‘shimcha qilishicha, vazirlik tomonidan vaksinatsiya jarayonlarini tashkillashtirish va fuqarolarni koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha tadbirlar rejasiga muvofiq, barcha choralar ko‘rilgan va 1-fevraldan boshlab koronavirusga qarshi emlash boshlangan.
“Ushbu reja doirasida emlashni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, vaksinalarni saqlash va yetkazib berishni tartibga solish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi va tasdiqlandi, ishlar jadvalga muvofiq olib borilmoqda”, — dedi Soy.
Avvalroq Qozog‘istonda aholini koronavirusga qarshi emlash boshlangani haqida xabar berilgan edi.