Ichki ishlar vazirining avtomototransport vositalari va ularning tirkamalari (yarim tirkamalar)ni ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lov stavkalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi buyrug‘i qabul qilindi.
O‘zgartirishlarga muvofiq, avtomototransport vositalari, elektromobillar, avtomototransport vositalari va tirkamalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish stavkasi endilikda BHMning 10 foizini (34 ming so‘m) tashkil etadi. Shu bilan birga, ro‘yxatga olish to‘lovi (oddiy avtomobillar uchun 6,84 BHM va elektromobillar uchun 1,5 BHM) o‘zgarmadi.
Aprel oyidan boshlab avtomobillarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imlar keskin deyarli 68 barobarga oshirilgandi. Elektromobillar, avtomototransport vositalari va tirkamalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im BHMning 1,5 baravari (510 ming so‘m), boshqa avtomobillar uchun esa BHMning 6,84 baravari (2 million 325 ming so‘m) to‘lanishi kerak edi.
Ichki ishlar vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi avtomashinalarni ro‘yxatga olish stavkalari oshishi sabablarini hozircha izohlamadi.
Avvalroq O‘zbekistonga chetdan vaqtincha kirgan avtomobillarga ortiqcha kun uchun yig‘im miqdori o‘zgargani to‘g‘risida xabar berilgandi. Hujjatga ko‘ra, bojxona bojlari va soliqlardan to‘liq ozod etilgan muddat o‘tgandan so‘ng xorijiy avtotransport vositasini bir yil ichida 90 kundan ortiq muddatga vaqtinchalik olib kirganlik uchun olib chiqib ketish muddatining o‘tkazib yuborilgan har kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida yig‘imni to‘lash sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.
Avtomototransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
- mulkdor — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgarganda, shuningdek mulkdor — yuridik shaxs qayta tashkil etilganda yoki nomlanishi o‘zgarganda;
- avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish joyini o‘zgartirishni talab qilmagan holatda avtomototransport vositasi egasining yashash (turgan) joyi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda;
- yuridik shaxslarga tegishli yuk avtotransport vositalarining, avtobus va mikroavtobuslarining saqlab turiladigan joyi o‘zgarganda;
- avtomototransport vositalarining rangi va (yoki) raqam agregati o‘zgarganda;
- avtomototransport vositasi qayta jihozlanganda;
- avtomototransport vositasini yoki RO‘DRBni ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi yaroqsiz holga kelganda, shikastlanganda yoki yo‘qolganda.
Izoh (0)