Jizzaxda noqonuniy ravishda oltin rudasini qazish bilan shug‘ullangan to‘rt nafar fuqaroni tosh bosib qoldi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, tosh bosib qolgan fuqarolar G‘allaorol tumanidagi “Buloqboshi” QFYda istiqomat qilib kelgan. Ular qishloqdan 7—8 kilometr uzoqlikdagi tog‘ bag‘riga 12—15 metr qazib kirib, noqonuniy ravishda oltin rudasini qazib olishga uringan.

Fojia oqibatida yigitlarning 2 nafari voqea joyida vafot etgan, 2 nafari esa turli xil darajadagi sinish va boshqa tan jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktabrida Jizzax viloyatida joylashgan Tangisoy tog‘idan oltin rudasini qazib olib, o‘g‘irlashga uringan ikki nafar fuqaro ichki ishlar organlari tomonidan qo‘lga olingan edi.