Andijon shahrida 2021-yil 28-yanvar kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yo‘l-patrul xizmati xodimi vafot etdi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Andijon viloyat IIB

Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yil 28-yanvar kuni soat 16:00 da Andijon shahrining Amir Temur shohko‘chasida harakatlanib kelayotgan Damas yo‘lning o‘ng tarafida xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimi Elyorbek Sobirovni urib yuborgan. Baxtsiz hodisa oqibatida YPX xodimi voqea joyida vafot etgan.

Viloyat IIB Telegram kanalida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati xodimi Sobirov Elyorbekning vafoti munosabati bilan marhumning qarindosh va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etganligi haqidagi xabar e’lon qilingan.

Holat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan.